2021-yil 11-12-oktabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida Qo`shilmaslik harakatining yubiley sammiti bo`lib o`tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi delegasiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Farhod Arziev boshchilik qildi.
Sammitda Qo`shilmaslik harakatiga a’zo 120 ga yaqin davlat ishtirok etdi.
Tadbir boshida ishtirokchilar Belgradda tantanali sammit o`tkazilishini olqishlab, Qo`shilmaslik harakati davlat va hukumat rahbarlarining birinchi forumi bundan 60 yil avval bo`lib o`tganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Harakatning zamonaviy dunyoda davom etayotgan ahamiyati ta’kidlanib, uning tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini himoya qilishdagi rolining ortishi muhokama qilindi.
O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi rahbari o`z nutqida ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur yangilanishlarning asosiy yo`nalishlari, hukumat tomonidan barqaror taraqqiyot, global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilayotgan sa’y -harakatlar to`g`risida ma’lumot berdi.






