Hukumat qarori (637-son, 12.10.2021 y.) bilan “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo`shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Nizomga ko`ra, kreditlar banklar tomonidan qaytarishlik, to`lovlilik, ta`minlanganlik, muddatlilik va maqsadlilik shartlarida beriladi.
Kreditlar yoshlarning alohida toifalariga garovsiz asosda ajratiladi.
Bunda tegishlicha “Saxovat va ko`mak”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamg`armalari kafilligi taqdim etiladi.
Kafillik berilganligi uchun to`lov (mukofot puli) undirilmaydi.
Qarz oluvchilar, jumladan, quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo`lishi lozim:
- 18 yoshga to`lgan va 30 yoshdan oshmagan;
- yangi (ikkala tomon uchun birinchi marotaba) turmush qurgan;
- ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka krediti olmagan bo`lishi kerak.
Shunga ko`ra, yoshlarning alohida toifalariga kreditlar:
- bozor stavkasida mijoz xohishiga ko`ra 6 oy imtiyozli davr bilan;
- 20 yildan ko`p bo`lmagan muddatga;
- boshlang`ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo`shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo`lmagan miqdorda;
- bir qarz oluvchiga 33 million so`mdan oshmaydigan miqdorda beriladi.
Tegishli hujjatlar to`liq taqdim qilingandan so`ng bank 3 ish kunida ariza beruvchiga kredit berish masalasini ko`rib chiqadi.
Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, kredit shartnomasi imzolanadi.