«Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida»gi qonun qabul qilingani munosabati bilan O`zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqidagi qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, ayrim lisenziyalanadigan faoliyat turlari bilan ruxsatnoma va xabardor qilish orqali shug`ullanishga ruxsat berilgani munosabati bilan bir qator qonunlarda lisenziya talabi bekor qilingan.
Unga ko`ra, «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida»gi qonunda farmasevtika faoliyatining quyidagi yo`nalishlariga lisenziya olish talab qilinmasligi belgilandi:
- tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ulgurji realizasiya qilish;
- dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari;
- dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish;
- dorivor o`simlik xom ashyosini qadoqlash va ulgurji sotish.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning «Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni bilan O`zbekistonda 2021 yil 1 yanvardan boshlab 17 ta lisenziya va 14 ta ruxsatnomalar xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo`li bilan bekor qilingandi.






