Mamlakatimizda 9 oy ichida oldingi uch yilga qaraganda avtoraqamlarga nisbatan ko`p mablag` sarflagan. Bu haqida “Spot.uz” ga tayanib "Zamon.uz" xabar bermoqda.
Unda aytilishicha, "chiroyli" avtomobil raqamlarining sotilishi hayratlanarli darajaga chiqqan.
Tovar-xomashyo birjasining so`nggi statistik ma`lumotlariga qaraganda, "chiroyli" avtomobil raqamlarini sotish bo`yicha rekordlar yangilanishda davom etmoqda.
2021 yilning to`qqiz oyida 105,6 mingta avtomobil raqami sotib olingan va ularga 221,1 milliard so`m mablag` sarflangan. Bu savdo boshlanganidan buyon mutlaq rekord natijadir. 2018-2020 yillarda bu raqam 205,1 milliard so`mni tashkil etgan.
Joriy yilning birinchi yarmida avtomobil raqamlarini sotish 139 milliard so`m, iyul -sentyabr oylarida esa mazkur summaga yana 82 milliard so`mga yaqin mablag` qo`shilgan. Bu hatto, butun 2019 yil davomida sotilgan avtomobil raqamlaridan ham ko`p degani.
Ma`lumot uchun: 2020 yil noyabr oyidan har qanday kombinasiyali "chiroyli" avtoraqamlar uchun buyurtma berishga ruxsat berildi. Maxsus raqamlarning boshlang`ich narxi oddiy raqamdan ancha yuqori.
Bundan avval 1 iyuldan davlat tashkilotlari avtomobillari raqamlari o`zgarishi, istalgan fuqaro UZB, AAA seriali avtoraqamlarni auksion orqali sotib olishi mumkinligi hamda onlayn-auksionlar orqali 168 mlrd. so`mlik "chiroyli" avtoraqamlar sotilgani haqida xabar berilgandi.






