AsosiyJamiyat

Yo`nalishsiz taksilar va ularning haydovchilariga qo`yilgan talablar sanab o`tildi

Mamlakatimizda avtomobil transportida yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish faoliyatini tartibga solish hamda rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratilib, ularning ijrosi muntazam ta`minlanib kelinmoqda.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining Yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risidagi qarorini alohida ta`kidlash joiz. Zero, ushbu qaror yo`nalishsiz taksilar tomonidan yo`lovchilarga ko`rsatiladigan xizmat sifati va xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyatga egadir.

Mazkur hujjatda yo`nalishsiz taksi sifatida foydalaniladigan har bir avtotransport vositasi texnik jihatdan soz holatda, avtomobil transportida yo`lovchilar hamda yuk tashish qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq bo`lishi qayd etilib qolmasdan, ularning tashqi va ichki belgilari nimalardan iborat bo`lishi aniq ko`rsatilgan. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi Axborot xizmati boshlig`i Muzaffar Yusuf NAZAROV yozadi.

Ya`ni, yo`nalishsiz taksilarning tepasiga «TAXI» yozuvi bitilgan to`q sariq rangli fonar o`rnatilishi, mashinaning oldingi eshiklariga «T» harfi, shaxmat tartibida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat bo`lgan kompozisiya va ushbu transport vositasi qaraydigan korxona (yuridik shaxs)ning nomi bitilishi shart.

Toshkent shahridagi yo`nalishsiz taksilar «fil suyagi» rangi bilan, boshqa barcha viloyatlardagilar esa sariq rangga bo`yaladi.

Mashinaning ichkarisi quyidagi tartibda jihozlanishi lozim. Old oynaning yuqoridagi o`ng burchagiga yashil rangli yoritish chirog`i o`rnatilib, avtomashinaning davlat raqami belgisi, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi va fotosurati, ish vaqtining boshlanishi va tugashi, yo`lkira qiymati (so`mda), taksi korxonasining manzili va telefon raqami, lisenziya kartochkasining raqami va amal qilish muddati to`g`risidagi, shuningdek, majburiy sug`urta qilinganlik haqidagi ma`lumotlar yo`lovchilar bemalol o`qiy oladigan holatda o`rnatilgan bo`lishi lozim.

 Bundan tashqari, hisoblagich (taksometr), radioaloqa vositasi, soz holatda tamg`alangan spidometr jihozlari, Davlat soliq xizmati organlarida ro`yxatdan o`tkazilgan nazorat-kassa mashinasi hamda to`lovlarni bank plastik kartochkalaridan qabul qilib olish uchun hisob-kitob terminali mavjud bo`lishi talab etiladi.

Joriy etilgan bunday talablar, transport xizmatlari sifatini oshirish hamda yo`lovchilarga o`zi buyurtma qilgan yo`nalishsiz taksi va uning haydovchisi haqida etarlicha ma`lumotga ega bo`lish imkonini beradi.

Bugungi kunda yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish, avtotransport vositalarida aholiga noqonuniy ravishda pulli xizmat ko`rsatishga barham berish maqsadida, Davlat soliq xizmati organlari tomonidan manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda.

Xususan, joriy yilning o`tgan davri mobaynida 3500 dan ortiq tadbirlar tashkil etilib, 7500 nafar jismoniy shaxs noqonuniy faoliyat bilan shug`ullanayotganligi aniqlangan hamda ularga nisbatan tegishli ma`muriy choralar ko`rildi.

Shu o`rinda yana bir masalaga e`tiboringizni qaratmoqchiman. Mamlakatimizda amaldagi tartib-qoidalarga amal qilmasdan, noqonuniy ravishda «kirakash»lik faoliyati bilan shug`ullanayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan «Ma`muriy javobgarlik to`g`risida»gi Kodeksning 1763-moddasiga muvofiq, eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorida ma`muriy jarima qo`llanilishi belgilab qo`yilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar