Milliy matbuot markazida “Turonbank” ATB mutaxassislari yangi tashkil etilgan bank xizmatlari xususida jurnalistlarga ma`lumot berishdi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Maftuna Jo`raeva.
Dastavval, Chakana xizmatlar ko`rsatish departamenti direktori o`rinbosari Eldor Vaxabov so`zga chiqib hozirga qadar bank tomonidan joriy qilingan innovasion, boz ustiga hali O`zbekistonda o`xshashi bo`lmagan xizmatlarga to`xtaldi.
“Bugungi globallashuv jarayonlarini inobatga olgan holda Turonbank doim eng so`nggi texnologiyalarga asoslangan xizmatlarni o`z faoliyatida joriy etib, mijozlar uchun yangiliklar taqdim etishdan charchamaydi. Birgina, plastik kartochkalar yo`nalishini olsak. Bugungi kunda bankimiz “Humo”, “UzCard”, “Mastercard Standart” va “Mastercard Gold” singiri mahalliy va xalqaro plastik kartochkalarni muomalaga chiqargan. Yaqinda yana 2 ta yangi kobeydj va kobrending turidagi zamonaviy kartalarni ham emissiya qilishni boshladik. Xususan, yangi kobeydjing kartamiz Rossiyaning “MIR” to`lov tizimi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo`lib, O`zbekistonda “UzCard” ya`ni so`m, Rossiyada esa “MIR” ya`ni rublda ishlaydi. Mablag`lar avtomatik tarzda ayirboshlanadi va o`zingiz bilan naqd pul olib yurishingizning hojati yo`q. Aniqroq qilib aytadigan bo`lsak, bir karta bilan O`zbekistonda har qanday to`lovlarni amalga oshirib, bankomatlardan pul echsa bo`ladi, Rossiyaga borganda esa bu karta “MIR”ga aylanadi va xudda shu amaliyotlarni erkin bajarish mumkin bo`ladi. Qolaversa, mazkur kartalarni istalgan O`zbekistondagi mobil ilovalarga ulab ishlatish, “Uzcard-MIR” kartalariga pul o`tkazmalarini jo`natish ham mumkin.
Bundan tashqari, oktyabr oyida “Turonbank” ATB, “Mastercard” va “Tourist.uz” kompaniyalari o`rtasida yangi kobrending kartasini ham yo`lga qo`yish arafasida turibmiz. Mazkur kartaning afzaligi shundaki, chet elga sayyoxat qilayotgan mijozlarimizga chet el sayyoxatida turli xil chegirmalar taklif etib, naqdsiz to`lovlarni rivojlantirishga hissa qo`shadi", - dedi mutaxassis.