JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus dunyoning uchta mamlakatida hali vaksinasiya boshlanmaganini ma`lum qildi.
Bular — Burundi, Eritreya va Shimoliy Koreya.
Shuningdek, uning qayd etishicha, 56 ta mamlakat JSST tomonidan qo`yilgan, sentyabr oxirigacha aholining 10 foizini emlash bo`yicha maqsadga erisha olmagan. Bundan ham ko`proq mamlakat esa joriy yil so`ngiga qadar aholining 40 foizini emlash maqsadiga erisholmaslik xavfi ostida turibdi.
«Shuningdek, yana bir guruh mamlakatlar cheklangan imkoniyatlarga ega. Bular beqarorlik, nizolar yoki zo`ravonlikdan jabr chekkan davlatlardir. JSST va bizning sheriklarimiz bu mamlakatlar bilan hamkorlik qilib, vaksinasiyani joriy qilish uchun joylarda texnik va logistik salohiyatni mustahkamlash ustida ishlamoqda», — deyiladi JSST xabarida.






