Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Lacetti avtomobillari don ombori hududiga joylashtirilayotgani to`g`risida tarqalgan xabarlar yuzasida nUzAuto Motors kompaniyasi ma`lumot berdi.
Kompaniya matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, ushbu avtomobillar tayyor, ammo ularda yarimo`tkazgich detali mavjud emas.
«To`g`ri, shu kabi vaziyatlar mavjud. Gap shundaki, kompaniya kuniga 250—300 dona Chevrolet Lacetti avtomobilini ishlab chiqaradi. Biz ushbu avtomobillarni yarimo`tkazgich detalining yo`qligi sababli o`z egalariga topshirolmaymiz. Avtomobil tayyor, ammo birgina detalning yo`qligi qaysidir tizimning ishlamasligiga sabab bo`ladi. Masalan, xavfsizlik yostiqchalari», — deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, UzAuto Motors ushbu detalni olishi bilanoq, uni avtomobillarga o`rnatadi va xaridorga topshiradi.
«Bu tayyor, ammo sotib bo`lmaydigan avtomobillar zavoddagi tayyor mahsulot uchun ajratilgan joyni to`ldirib bo`lishdi. Mana shu sabab bilan UzAuto Motors ‘O`zdonmahsulot’ bilan avtomobillarni korxona hududida vaqtincha saqlash to`g`risida shartnoma tuzdi», — deya qayd etiladi xabarda.






