Mamlakatimiz kardioxirurgiyasi tarixi yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti bilan boyidi. Ushbu noyob operasiya tibbiy ko`rsatmaga muvofiq, shoshilinch ravishda poytaxtimizdagi zamonaviy klinikalardan birida muvaffaqiyatli o`tkazildi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Odatda, shifokorlar keksa yoshli insonlar tanasiga tig` tekkizishning o`zi juda nozik jarayon ekanligini aytishadi. Yurak sohasidagi jarrohlik amaliyotlari esa o`ta murakkab va anchayin xavfli. Shu bois, hatto mazkur sohada peshqadam bo`lgan Yaponiya va Germaniya davlatlarida ham bunday operasiyalar kamdan-kam o`tkaziladi.
Xo`sh, o`zbekistonlik shifokorlar bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi?
Hamma gap Rossiyaning A. N. Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida ishlab kelgan va 2017 yilda Sog`liqni saqlash vazirligi taklifi asosida yurtimizga qaytgan malakali kardioxirurg, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekovning mahoratida.
Bemor otaxonimizga kelsak, ismi — Yoqub Mahmudov. 90 yoshda. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan. Ko`p yillardan beri gipertoniya va yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekadi. Qon bosimi 190 gacha ko`tarilib ketishi kuzatilgan. Infarktni boshdan o`tkazgan.
Buning ustiga, shu yilning mart oyida koronavirusga chalinib, muolaja olgan. Ammo ko`p o`tmay yurak sohasida og`riqlar yanada zo`rayib, ahvoli yomonlashgach, Rustam Yorbekov va uning jamoasiga murojaat qilgan.
— Biz, kardioxirurglar bu yoshdagi bemorda jarrohlik amaliyoti o`tkazishni qumdan imorat tiklashga o`xshatamiz, — deydi professor. — Negaki, yurak operasiyasi chog`ida favqulodda buyrak, jigar, miya va boshqa a`zolar xuruj qilib qolishi mumkin. Shu sababli O`zbekistonda yaqin yillargacha bunday holatdagi bemorlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo`lmagan. Endi esa nafaqat poytaxt, balki qator viloyatlar markazlarida ham shunday murakkab operasiyalarni o`tkazyapmiz.
Chinozlik otaxon ham bu klinikaga shoshilinch olib kelindi. Dastlab unda koronarografiya amaliyoti o`tkazildi. So`ng bemorning yurak-qon tomirlarida kuchli zararlanish ham aniqlangach, kuni kecha aorta-koronar shuntlash operasiyasi bajarildi. Hozir Yoqub boboning ahvoli yaxshi. Tekshiruv va tahlil natijalari, qon bosimi me`yorida, puls stabil holatda.
Rustam Yorbekovdan bu operasiyaning murakkabligi nimada ekanligini so`raymiz. Shifokor esa, jaydari qilib, avvalo, bemorning keksa yoshdaligi, qolaversa, infarkt o`tkazgani hamda yurak ishemik kasalligi tufayli tomirlarida zararlanish kuchaygani, boz ustiga, yurak kattalashib, qisqarishlar miqdori pasayib ketganligini tushuntiradi.
— So`nggi paytlarda kuniga ikki martalab “Tez yordam” chaqirishimizga ham to`g`ri kelgandi, — deydi Yoqub ota Mahmudov. — Yuragimni kuchli sanchiq bezovta qila boshlagach, o`g`lim shu erga olib keldi. Mana, ko`rib turganingizdek tetikman, kayfiyatim ham a`lo. Operasiyaning ertasi kuniyoq holatim yaxshilandi. Rustamjon Yorbekov va uning jasoratli jamoasidan juda-juda minnatdorman.






