AsosiyJamiyat

Amudaryo ustidan o`tuvchi qo`shma ko`prik hamda “Shovot – Qorao`zak” temir yo`l liniyasi qurilishi davom etmoqda

'Amudaryo ustidan o`tuvchi qo`shma ko`prik hamda “Shovot – Qorao`zak” temir yo`l liniyasi qurilishi davom etmoqda'ning rasmi

Mutaxassislarning aytishicha, yangi quriladigan ko`prik va ko`prikka qadar bo`lgan 10 kilometrga yaqin temir yo`l hamda ko`prikdan keyingi hududda 70 kilometrdan ortiqroq temir yo`lning barpo etilishi natijasida 240 kilometr ortiqcha harakatlanishning oldi olinadi.

 Natijada avtomobil hamda temir yo`l yo`nalishida tashilayotgan yuklarning manzilga etib borish vaqti ham 6 soatga qisqaradi. Bundan tashqari, ushbu ko`prik orqali o`tayotgan yuklarning yillik samarasi 150 milliard so`mga yaqin bo`ladi. Shuningdek, bugungi kunda Xorazm viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasi o`rtasidagi temir yo`l orqali tashilayotgan yuklarning o`rtacha hajmi 12 million tonnani tashkil qilayotgan bo`lsa, yangi ko`prik hamda temir yo`l qurilganidan so`ng yuklar hajmi loyihaning o`zini oqlash muddatiga etib borgunga qadar 20-25 million tonna atrofida bo`ladi.

 

Mazkur ob`ekt qurilishining buyurtmachisi “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati bo`lib, «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati bosh loyihachi etib belgilandi. Yangi loyihani moliyalashtirish Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi, «O`zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat banki kredit mablag`lari hamda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatining o`z mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi. Shundan so`ng 2021 yilning yanvar oyi boshlarida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik Jamiyati tasarrufidagi «Ko`prikqurilish» tresti” unitar korxonasi, Yo`l xo`jaligi boshqarmasi hamda tarmoqning boshqa korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan Amudaryo qirg`og`ida yangi ko`prikni qurish ishlari boshlab yuborildi. Buning uchun dastlab zarur texnikalar va mutaxassislar jalb etildi.

 

Belgilangan loyihaga ko`ra dastlab umumiy uzunligi 80,2 kilometr bo`lgan temir yo`l liniyasini hamda ushbu oraliqdagi 2 ta qo`riqlanadigan va 18 ta qo`riqlanmaydigan temir yo`l kesishmasini qurish belgilandi. Shuningdek, 4 ta avto yo`l o`tkazgichini, 9 ta ko`prikni hamda 25 kishiga mo`ljallangan 1 dona, 50 kishiga mo`ljallangan 2 ta temir yo`l vokzalini bunyod etish, yana bitta temir yo`l va avtomobil yo`li qo`shma ko`prigi va boshqa temir yo`lga texnik xizmat ko`rsatish bino va inshootlarini qurish ko`zda tutildi.

 

Bugungi kungacha loyihada ko`rsatilgan 80,2 kilometrlik uchastkada rejaga ko`ra yo`lsozlar tomonidan umumiy er ishlari yakuniga etkazilib, 3,575 kilometrlik po`lat izlar yotqizildi. Shuningdek, mazkur yo`nalishda 233 ta sun`iy inshoot (PJBT)ni qurish rejalashtirilgan bo`lib, bu vazifalar tarmoqning Maxsus mexanizasiyalashtirilgan yo`l stansiyasi (SPMS) korxonasi hamda «Ko`prikqurilish» tresti” unitar korxonasiga qarashli otryadlarning mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. E`tiborlisi “Eyvalek maxsus temir beton” aksiyadorlik jamiyati hamda “Xorazm temir yo`l qurilishi” unitar korxonasi tomonidan ushbu ob`ektga zarur bo`lgan sun`iy suv o`tkazgich inshootlari konstruksiyalari ishlab chiqarilmoqda.

Tayyor bo`lgan mahsulotlar esa qurilish ob`ektiga o`z vaqtida etkazilmoqda. Shuningdek, «Ko`prikqurilish» tresti” unitar korxonasi tarkibiga kiruvchi korxonalarga konstruksiyalarni qo`yish uchun buyurtmalar berildi. Hozirgi kunda barcha sun`iy suv o`tkazish inshootida poydevorlarni qazish ishlari tugatilib, 4 fevraldan temir-beton konstruksiyalarni montaj qilish ishlari boshlab yuborildi.

 

Ayni paytda 13- hamda 14-Ko`prikqurilish otryadlari tomonidan ishchilar turar joylari, beton chiqarish uzellarini o`rnatish, hududni beton to`siqlar bilan o`rab olish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qurilish maydoniga 85 ta zamonaviy texnika hamda 230 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan.

 

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, mazkur yirik loyiha foydalanishga topshirilgach ekspluatasiya xarajatlarini kamaytirish, temir yo`l uchastkasining o`tkazish va o`tkazuvchanlik qobiliyatini ko`tarish, yangi ish o`rinlarini tashkil qilish, yuk vagonlari aylanmasining ortishiga  erishiladi. Shuningdek, bu loyiha hududning ekologik muhitini yaxshilashga, zamonaviy  kommunikasiya tizimini va resurs tejash texnologiyalari rivojlanishini ta`minlashga ham xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizda sayyohlik sohasini rivojlantirish, aholi va sayyohlarga xizmat ko`rsatish sifatini yanada oshirishga sabab bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar