O`zbekiston harbiylari xalqaro musobaqada AQShni ham ortda qoldirdi. Mudofaa vazirligining "Darakchi"ga ma`lum qilishicha, mazkur musobaqa joriy yilning 29 sentyabrdan 17 oktyabrga qadar bo`lib o`tgan.
Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o`tkazilgan razvedka va maxsus bo`linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 18 ta davlatidan 103 ta jamoalar ishtirok etgan.
Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, O`zbekiston, Kosovo, Gresiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo`linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o`zaro bahs olib borishgan.
Musobaqaning faol fazasi 14 oktyabr kuni boshlangan. Undagi konkurslar 90 km. masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo`lib, har 8-10 km.da bir nechta jangovar topshiriqlar bajarilgan.
Shuningdek, ommaviy qirg`in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan 3 km masofadagi zararlangan hududdan o`tish, joyni razvedka qilish va tog` daryosini kesib o`tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatish, jarohatlanganlarni turli yo`llar bilan evakuasiya qilish, mina to`sig`idan yakka va guruh tarkibida o`tish, dushman ob`ektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so`roq qilish kabi shartlar ham bajarildi,deydi vazirlik.
Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” (xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyasiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo`naltirish, harbiy topografiya me`yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo`yicha test topshirish, razvedka bo`yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo`yicha me`yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo`yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo`yicha bildiruv berish) topshiriqlari ham berilgan.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli murakkab shartlardan iborat 90 km masofani 37 soatda bosib o`tgan. Xalqaro musobaqa natijalariga ko`ra, I o`rin va oltin medallarni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II o`rin va kumush medallarni Germaniya, Fransiya, Italiya, Hindiston, AQSh kabi katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi, III o`rin va bronza medallarni Amerika Qo`shma Shtatlarining jamoasi egallagan.