1958 yilda sovet geofiziklari Yuriy Mordvinsev va Pyotr Xramishkinlar tomonidan ochilgan, 1969 yildan sanoat usulida oltin qazib olish boshlangan "Muruntov" koni 2020 yilda oltin qazib olinishi bo`yicha konlar reytingida 1-o`rindan joy olgan. Ushbu kon strategik ob`ekt sifatida qattiq tartibda qo`riqlanib kelinadi. Unga qiziqish yuqori bo`lgani uchun kon hududida sanoat turizmi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Navoiy viloyatiga tashkil qilingan infoturda ma`lum qilindi.
"Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud bo`lib, sanoat korxonalari viloyatning drayveri hisoblanadi. Navoiy kon-metallurgiya korxonalarining oltin konlari mavjud. Shu paytgacha ushbu konlarga birorta insonga, hatto rahbarlarga ham kirishga ruxsat berilmagan. Biz turizmda yangi yo`nalish - sanoat turizmini yo`lga qo`yish bo`yicha kon-metallurgiya kombinati bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu esa ko`plab sayyohlarning Navoiyga qiziqishini orttiradi", deydi viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig`i Sa`dulla Mirzaev.
Uning aytishicha, "Muruntov" koni bu erdagi yirik konlardan biri bo`lib, unga yurtdoshlarimiz va turistlar tomonidan qiziqish katta. Shu sababli mazkur kon hududida suratga olish, selfiga tushish, yuqoridan oltin qazib olish jarayonlarini tomosha qilish hududlarini tashkil qilish rejada bor.
"Oltin koniga sayohatni 2022 yilning ikkinchi yarimyilligidan boshlab yo`lga qo`yishni rejalashtirganmiz", deydi Sa`dulla Mirzaev.
Mas`ulning aytishicha, viloyatdagi Aydarko`l va To`dako`l sohillarida plyaj turizmi, qolaversa, cho`llarda sahro turizmi ham yo`lga qo`yiladi. Bundan tashqari, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va boshqa bir nechta shahar va tumanlarda turizm ko`chalarini tashkil etish rejalari ham kelgusi yil dasturiga kiritilgan.
Sardorbek Rahmonqulov
Toshkent-Navoiy-Toshkent