Toshkentda "Lasetti" avtobusga borib urildi. Oqibatda avtomobil haydovchisi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 oktyabr kuni tonggi soat 06:30 larda, "4-Avtobus saroyi" haydovchisi K.F "Mersedes-Bens LF" rusumli, saroy raqami 31 bo`lgan avtobusni 122-yo`nalishda Choshtepa ko`chasi bo`ylab boshqarib borayotgan vaqtida, qayrilib olish jarayonida "Lasetti" rusumli engil avtomobil avtobusning orqa qismiga kelib urilgan.
To`qnashuv natijasida "Lasetti" rusumli engil avtomobil haydovchisi tan jarohati olgan hamda shifoxonaga yotqizilgan.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, "Lasetti" rusumli engil avtomobil haydovchisi boshqaruv vaqtida uxlab qolgan. Shu sababli boshqaruvni yo`qotib avtobusga urilgan.
"Hozirgi kunda mazkur yo`l-transport hodisasi o`rnatilgan tartibda Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga, "Toshshahartransxizmat" AJ mutasaddi xodimlari tomonidan xizmat surishtiruvi o`tkazilmoqda",–deyiladi xabarda.