Kecha Andijon viloyati Paxtaobod tumanida bemorning mast qarindoshi “tez yordam” shifokorini do`pposlab, unga jiddiy tan jarohati etgazgani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holat bo`yicha Cog`liqni saqlash vazirligining aniqlanishicha, joriy yil 17 oktyabr kuni soat 00:30 lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam bo`limi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning "Ma`rifat" mahallasidan murojaat kelib tushadi.
Shundan so`ng chaqiruv manziliga darhol navbatchi shifokor Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuboriladi. Biroq chaqiruv bo`lgan xonadon egasi, 1991 yilda tug`ilgan fuqaro B.T. shifokorlarning etib borishini kutmay, bemor onasi G.U.ni o`z shaxsiy avtomashinasida “tez yordam” shoxobchasiga olib keladi.
O`sha kuni tuman tez tibbiy yordam bo`limi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor, 1994 yilda tug`ilgan Shohruh Zokirov darhol bemor G.U. ning qon bosimi, yurak urishini o`lchab, unga kerakli tibbiy yordam ko`rsatadi.
O`z vaqtidagi muolajalar sababli bemor G.U. ning qon bosimi me`yorlashib, umumiy holati yaxshilanadi. Ammo fuqaro B.T. onasiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan, jamoat joyi hisoblangan “tez yordam” binosida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan shifokorlarni uyatli so`zlar bilan haqorat qiladi va o`z xizmat vazifasini o`tayotgan yana bir shifokor – M. Dehqonovning yoqasidan olib, uni bo`g`a boshlaydi.
Shu payt hamkasbini ajratish uchun borgan Sh. Zokirovning harakatlari mushtumzo`r B.T.ga yoqmaydi va u shifokorning yuziga musht tushiradi. Bunga qanoat qilmagan B.T. musht zarbidan erga yiqilgan Sh. Zokirovning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat etkazadi.
Shundan so`ng, olgan tan jarohatlari bilan Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqiziladi.
O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko`z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo`yilgan.
️Hozir ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanildi.






