AsosiyJamiyat

O`zbekistonda "Ota-onalar oyligi" e`lon qilindi

'O`zbekistonda "Ota-onalar oyligi" e`lon qilindi'ning rasmi

Ertaga — 20 oktyabrdan boshlab YuNISEF, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi hamkorligida yurtimizda "Ota-onalar oyligi" e`lon qilinmoqda. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Mazkur qo`shma loyiha bolalarning ilk rivojlanish davrida ota-onalarga ko`maklashishni ko`zda tutadi. U kichkintoylar parvarishiga doir ilmiy-amaliy dalillarga asoslangan muhim ma`lumot hamda tavsiyalarni taqdim etishga qaratilgan.

Buning uchun etakchi mutaxassis va soha ekspertlari bir oy davomida ilk bosqichda bolalarni to`g`ri parvarishlash hamda ularning sog`lom rivojlanishini ta`minlashga doir ilg`or tajribayu maslahatlari bilan o`rtoqlashadi.

Ana shu materiallar salomatlik, to`g`ri ovqatlanish, immunitet mustahkamlanishi, bolalarda ko`nikmalarni erta shakllantirish, rag`batlantirish, himoya va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tavsiyalar, foto va videolavhalarni o`z ichiga olgan.

YuNISEF, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda boshqa media-maydonlar orqali mavzuga oid qiziqarli hayotiy misollar, maqolalar va mahorat darslari aholiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, oylik doirasida mutaxassislar ota-onalar va bola parvarishi bilan shug`ullanuvchilar savollariga teledasturlar orqali ham javob beradilar.

— Farzandlar hayotining ilk yillarida ular parvarishiga e`tiborli bo`lish inson kapitali, sog`lom jamiyat va kelajakni shakllantirishda muhim rol o`ynaydi, — deydi YuNICEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Salomatlik, oziqlanish, xavfsizlik va erta ta`lim bilan bog`liq ilk tadbirlar bolalar rivojlanishining asosidir. O`g`il-qizlarni hayotining dastlabki yillarida ota-onalar va boshqa tarbiyachilar tomonidan to`g`ri parvarish qilish va qo`llab-quvvatlash ularning barkamol rivojlanishida hal qiluvchi omillardan biridir. Bu o`g`il-qizlarning kelgusi hayotidagi muvaffaqiyatlar uchun ham poydevor bo`ladi.

Yana bir yangilik: hozirgi kunda YuNISEF, Sog`liqni saqlash va Maktabgacha ta`lim vazirliklari ota-onalar hamda bola parvarishlovchilarga mo`ljallangan innovasion dastur — “Bebbo” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib bormoqda. 7 yoshgacha bo`lgan kichkintoylarni tarbiyalashda asqatadigan mazkur yo`riqnoma O`zbekistonda 2021 yilning noyabr oyida ishga tushiriladi.

 

    Boshqa yangiliklar