Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi shifoxonalardan birida tibbiyot xodimi va shifokor qabuliga kelgan bemor o`rtasida yuz bergan tortishuv aks etgan videolavha tarqaldi.
Navoiy viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasining aniqlanishicha, 2021 yil 18 oktyabr kuni Karmana tumani Talqoq 2-dahasida yashovchi fuqaro T.T. tuman markaziy shifoxonasining qabul bo`limiga kelib, yuragi bezovta qilayotgani, shu bois, ushbu muassasaning shoshilinch tibbiy yordam bo`limida davolanmoqchi ekanini ma`lum qilgan.
Markazning shoshilinch tibbiy yordam bo`limi shifokori Toshev Akbar bemorni darhol tibbiy tekshiruvdan o`tkazib, unga ahvoli qoniqarli ekani va umumiy holati shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga yotish uchun belgilangan ko`rsatmalarga to`g`ri kelmasligini aytgan. Biroq fuqaro T.T. shifokorning so`zlariga qat`iy e`tiroz bildirib, uni haqiqatga mos kelmaydigan so`zlar bilan ayblay boshlagan.
Shundan so`ng, Karmana tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o`rinbosari I. Nodirov, bosh kardiolog A. Toshev, bosh terapevt J. Mardonov, nevrolog N. Salomov va qabul bo`limi mudiri, kardiolog N. Nurmatovalar tomonidan bemor konsilium qilingan. Tekshirish davomida unga yana bir bor shoshilinch tibbiy yordam bo`limida davolanish uchun zaruriyat yo`qligi, umumiy holati ushbu bo`limda davolanish uchun belgilangan standartlarga to`g`ri kelmasligi tushuntirilgan va kasallik tarixiga tekshirish natijalari qayd etilgan.
Qolaversa, bemorga rejali kardiologiya bo`limidan joy hozirlanib, zarur dori vositalari bilan ta`minlanishi aytilgan, biroq u bunga rozi bo`lmasdan, shifokorlar ustidan shikoyat qilishini aytgan. So`ng shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga kirib, qo`l telefoni orqali muassasani tasvirga tushira boshlagan.
Bu holatga guvoh bo`lgan markaz hamshirasi M. Hamroeva uning bu xatti-harakatlariga e`tiroz bildirib, T.T.ning qo`l telefonini olib qo`yishga harakat qilgan. Ma`lum qilinishicha, bemorga hech qanday qo`l ko`tarmagan.
Shunday bo`lsa-da, bemor bilan qo`pol munosabatda bo`lgani, sog`liqni saqlash tizimi xodimiga munosib bo`lmagan harakatlarni sodir etgani, bemor bilan muloqot qilish qoidalarini qo`pol ravishda buzgani uchun hamshira M. Hamroeva qat`iy ogohlantirilgan.
Ta`kidlanishicha, ayni paytda T.T. tuman tibbiyot birlashmasi kardiologiya bo`limida rejali ravishda kerakli davo muolajalarini olmoqda.






