G`alati odatlarimiz bor. O`zimiz emagan, bolamizdan bekitgan noz-ne`matlarni mehmonga tutamiz. Emay-ichmay yig`ib terganimizni ham bir kunlik to`y bahona boshqalarga ediramiz. Xullas, o`zimizni, o`zimizga tegishli bo`lgan narsalarni qadriga etmaymiz.
Til masalasida ham inchunin. Necha yildirki, bu masalada gapiramiz. Yozamiz. Bahslashamiz. Taklif kiritamiz. Bayram qilamiz. Muammolar esa turgan erida qolaveradi.
Til haqida kuyunib gap sotamiz-u, boshqa millat vakillari o`tirgan majlisni bemalol ruscha olib boraveramiz. “Tilimizning qadri yo`q” deb bong uramiz-u, bolamizni ruscha maktabga berish uchun tanish-bilish qidiramiz. Hammasi til uchida, shunchaki tadbirbozlik uchundek tuyulaveradi.
Yaqindan ish yuzasidan bir bankka kirgandim. Operator qiz va mijoz o`rtasidagi tortishuvga guvoh bo`ldim. Ma`lum bo`lishicha, mijoz operator qizga qaysidir hujjatga kiritilishi kerak bo`lgan ma`lumotni ruschalab tushuntirgan, qiz esa, xatoga yo`l qo`ygan. Natijada mijoz to`polon ko`targan.
Shu payt bank rahbari tushib keldi. Nima bo`lganini so`radi.
–Vasha sotrudnisa sdelala grubuyu oshibku. Ona je ne imeet pravo zdes rabotat s klientami. Nemedlenno uvolnyat nado!
Qiz bechora yig`lab, rus tilini yaxshi bilmasligini, shu sababli xatoga yo`l qo`yganini aytdi.
Filial rahbari ham mijozdan uzr so`rab, xodimiga nisbatan tegishli chora ko`rilishi aytdi.
–Esli ona ne znaet russkogo yazka, zdes ya vinovata chto li? – qosh chimirdi o`zining haq ekaniga ishona boshlagan mijoz.
–Da, imenno V, - dedim sabrim chidamay. – Potomu chto, v nujdaetes ey pomosh, a ne ona! (xatosiz gapirdimmikin)
Shu o`rinda “til bilmas” xodimasini jazolashga tayyor turgan bankirga ham ikki og`iz “shirin” gapimni aytdim. Eng yomoni bilasizmi nima? Bank xodimasidan ruscha gapirishni talab qilgan mijoz rus yoki ukrain bo`lganida ham tushungan bo`lardim. Uning umuman rus millatiga aloqasi yo`q, tashqi ko`rinishidan ism-familiyasigacha yo o`zbek, yo tojik, xullas musulmon qizi ekani ko`rinib turibdi.
U tabiiyki meni boshqalarning ishiga burun suqishda, millatchilikdaa ayblab, ustimdan sudga murojaat qilishi aytdi. Katta ko`cha! (Lekin hozircha suddan chaqiruv qog`ozi kelmadi)
Ayb boshqalarda emas o`zimizda.
Postsevet davlatlarining barida shu ahvol, bu Chor va Sovet istilosi ta`siri, deb ovunamiz. Holbuki, biz sovet hukumati qulashidan ikki yilgina oldin ming azob bilan qo`lga kiritgan davlat tili maqomiga Boltiqbo`yi va Kavkazorti davlatlari ancha oldin erishigan. Hozir bu davlatlarning milliy tili o`z rasmiy maqomini barqaror ushlab turibdi.
Gruziyada bir hafta yurib, bir joyda, eski bir “dom”ning orqasida qolib ketgan “Miru Mir” shiorining qoldiqlaridan boshqa ruscha e`lon yoki peshlavha topolmagandim.
Gohida qo`shni Qozog`istonda milliy til masalasi bizdan ham chatoq degan gaplar quloqqa chalinardi. Bekor gap. 2019 yilda Almatida o`tgan bir xalqaro forumda qatnashganman. Senat raisidan tortib, vazirlaru hokimlargacha hammasi g`irt qozoqcha gapirdi. Mehmonlar qanday tushundi? Ana, quloqchinni taqing-da, istagan tilingizda tarjimasini eshitavering – ruscha, inglizcha, fransuzcha...
Boshqa qo`shnilarimizda ham ahvol ancha tuzuk. Ancha yildirki, Tojikistonda hatto joy nomlarini ham tojiklashtirish siyosati olib boriladi. Kommnuizm, Marks, Engels. Ilich singari sovetcha nomlarni qo`yaturing, Qo`rg`ontepa, Yangiqishloq, Qorategin, Qayroqqum, Qizili singari ming yillik turkiy toponimlarni ham Rasht, Bo`ston, Guliston, Boxtar, Lolazor singari forsiy nomlarga almashtirib bo`lishibdi.
Bu holatni qoralashga haqqimiz yo`q. Negaki, har bir davlat o`z ma`muriy birliklari nomini o`z tilida nomlashga haqli. Oqlab ham bo`lmaydi. Bu yo`ldan boriladigan bo`lsa, bizda ham Hazorasp, Peshko`, Panjob, Siyob, Shahrisabz, Sariosiyo, Sebzor, Taxtapul, Ohangaron singari o`nlab forsiy toponimlar bor. Men bu qadimiy nomlarni o`zgartirib bo`lmasligini tushunaman. Lekin, o`z yurtimizdagi, sof o`zbek tilidagi To`ytepa, Bo`z, Yomontelpak singari joy nomlari nima sababdan forsiy-arabiy aslli Nurafshon, Bo`ston, Nurobod singari nomlarga almashayotganini tushunolmayman. (Bu ro`yxatni uzoq davom ettirish mumkin.)
Odamga alam qiladi-da!
O`zimiz o`zbek bo`lib turib, o`z tilimizni yaxshi ko`ramasak, uning sha`ni, obro`yi uchun kurashmasak...
Savollar ko`p! Rossiyada uch-to`rt yil ishlashga boradigan migrantlardan rus tiilini bilish rasman talab qilinsa, to`g`ri tushuniladi-yu, nima uchun shu erda tug`ilib o`sgan, bir umr o`qib, ishlab, yashab o`tadiganlardan rus tilini bilishni so`rasak, millatchiga aylanamiz?
Nima uchun o`zbek tilini bilmaydigan odamlar istalgan sohada, istalgan lavozimda ishlashi mumkin, ammo rus tilini bilmagan xodimga nisbatan “mijoz”ning talabi bilan jazo qo`llanadi?
Nimaga, ruscha biiladigan talabgorlarni ishga olishda imtiyoz beramiz-u, qaysidir xodim “o`zbekchada pojaluysta emas, iltimos deyiladi” desa, uni ishdan quvamiz?
O`zbek tilini shu qadar oyoqosti qilib, yana 21 oktyabrni o`zimizcha bayram sifatida nishonlashga haqqimiz bormi? Bor bo`lsa, yaxshi – unda bayramingiz muborak bo`lsin!
Rustam Jabborov, jurnalist






