Koronavirusga bog`liq vaziyat jiddiylashgani tufayli Moskva ma`muriyati karantin cheklovlarini joriy etdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 28 oktyabrdan 7 noyabrgacha karantin e`lon qilingan. Bu vaqt davomida dorixonalar va zaruriy mahsulotlar sotiladigan do`konlar ishlashiga ruhsat beriladi.
“Moskvada vaziyat ham eng yomon ssenariy bo`yicha rivojlanishda davom etmoqda. Yaqin kunlarda biz kovid bilan kasallanishning tarixiy cho`qqisiga chiqamiz, - deydi Moskva shahri meri Sergey Sobyanin. .
Shahar meri qo`shimcha qilishicha, savdo markazlari, muzeylar, teatrlar, kinoteatrlar, hayvonot bog`lari va sport zallari joriy qilingan karantin sababli yopiq bo`ladi. Restoranlar ham etkazib berish va olib ketish tartibida ishlaydi.
Bundan tashqari, maktab va bolalar bog`chalari ham yopiladi. Oliy ta`lim muassasalari esa masofaviy ta`lim shakliga o`tkaziladi.






