Bugun, 21 oktyabr kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 102-umumta`lim maktabi hududida bunyod etilgan engil konstruksiyali dzyudo zalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Bayramona ruhda o`tgan tadbirda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, O`zbekiston Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov, Turizm va sport vaziri o`rinbosari Avaz Karimov, Paralimpiya qo`mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo`mita raisi o`rinbosarlari Saken Polatov, Sherzod Tashmatov, MOQ raisi o`rinbosari va O`zbekiston dzyudo federasiyasi raisi Azizjon Kamilov, Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Faxriddin Davrukov, Shayxontohur tumani hokimligi mutasaddilari, maktab joylashgan «Bog` ko`cha» mahalla faollari hozir bo`lishdi.

Marosimning kirish qismida ramziy ma`nodagi lenta kesilib, dzyudo zali kaliti maktab direktori Ra`no Mirzajonovaga topshirildi. Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov o`z nutqi bilan tadbirning rasmiy qismini ochib berdi. Shuningdek, tadbirda MOQ rahbarlari ham so`z olishdi.
“Dunyoda dzyudo sport turi rivojlangan davlatlar amaliyotiga nazar tashlasak, u erda bolalar dzyudo yakkakurashi bilan maktabdayoq shug`ullanishni boshlaydilar. Xalqaro musobaqalar – Olimpiada va jahon chempionatlaridagi katta yutuqlar ham aynan shuning mevasi. O`zbekistonda ham jahon amaliyotidan andoza olinib, dzyudoni ommalashtirish, rivojlantirish quyi bo`g`indan boshlanyapti. Bu qurilayotgan dzyudo zallari aynan shuning uchun xizmat qiladi”, – dedi R.Shoabdurahmonov.

Dzyudo zali qisqa fursatda bunyod etilgan bo`lib, barcha talablarga javob beradi. Zalga to`shalgan tatamida nufuzli xalqaro turnirlarni o`tkazish mumkin. Yangi ob`ektning hajmi 30×18 metrni tashkil qiladi. Balandligi – 10 metr.

“So`zim avvalida barchani bugungi bayram – O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kuni bilan O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi, Federasiyamiz va shaxsan o`z nomimdan tabriklayman. Bugun siz azizlar bilan poytaxtimizdagi 102-son umumta`lim maktabida zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan dzyudo zalining tantanali ochilish marosimida ko`rishib turibmiz. O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston dzyudo federasiyasi hamkorligida bunyod etilgan zamonaviy dzyudo zali mahalla ahli, maktab o`quvchilari uchun bugungi bayramga sovg`a bo`ldi deyish mumkin. Ishonchim komil, bugun biz ochilishida qatnashayotgan bu ko`rkam sport zalidan ham yaqin yillarda o`zbek sporti dovrug`ini dunyoga yanada tanitadigan dzyudochilar etishib chiqadi”, – dedi A.Kamilov.
Maktab o`quvchilari hamda dzyudo va turon yakkakurash sport turi vakillarining ko`rgazmali chiqishlari tadbirga ko`tarinki ruh bag`ishladi. Yil oxirigacha qolgan viloyatlarda ham ayni paytda qurilish davom etayotgan dzyudo zallari bolajonlarga sovg`a qilinadi.