Prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatining ichimlik suvi ta`minotini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi bilan tanishdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi qaroriga muvofiq, bu erda Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga ichimlik suvi tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirilmoqda.
Qiymati qariyb 580 milliard so`m bo`lgan ushbu loyiha doirasida suv olish va tozalash inshootlari, «Jizzax» suvni taqsimlash uzeli, 183 kilometr magistral tarmoqlar qurilishi belgilangan.
Mutasaddilar loyiha doirasida bajarilgan ishlar to`g`risida ma`lumot berdi.
Bugungi kunda Bulung`ur tumanida, Zarafshon daryosi yonida 100 ming kub metr sig`imli “Uzunbuloq” suv tozalash inshooti, nasos stansiyasi, laboratoriya, filtrlash stansiyasi va yordamchi binolar qurib bitkazilgan. “Uzunbuloq – Gagarin” magistral tarmog`ining Jizzax shahrigacha bo`lgan 77 kilometri yotqizilgan. “Jizzax” suv taqsimlash inshooti, 5 ming kub metr sig`imli ikkita suv havzasi qurilgan. Endi ushbu inshootlardan Gagarin shahrigacha 90 kilometr suv tarmog`i tortiladi.
Ushbu tarixiy loyiha natijasida Baxmal, G`allaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do`stlik va Mirzacho`l tumanlari hamda Jizzax shahridagi 163 ta mahallada yashovchi 700 ming aholiga toza ichimlik suvi etib boradi.
Tadbirda jizzaxlik nuroniylar, mahalla faollari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.
- Jizzax viloyatida ichimlik suvi bo`yicha vaziyat og`ir edi. Bu suvni jizzaxliklar 30 yildan ortiq kutdi. Men hokim bo`lgan paytlarda qancha harakat qilganmiz. Lekin loyiha ham, pul ham yo`q edi. Mana, orzularimiz ushalayapti. Endi bu tizimning har bir inshootiga, har bir tumandan o`tgan qismiga malakali mutaxassislarni biriktirib, sifatli ishlatish kerak. Yoshlarni axborot texnologiyalari asosida ishlaydigan bu tizim bo`yicha o`qitish ham zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Loyihani 2022 yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan.