Mahalliy va xalqaro kuzatuvchilardan, OAV vakillaridan hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan “23-oktyabr kuni sukunat kuni, biroq banerlarga o`rnatilgan, bilbordlarda, elektron tablolarda joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari olib qo`yilmagan” degan mazmunda ko`plab savollar bo`lmoqda.
Bu savollarga Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, ekspertlari va Matbuot xizmati tomonidan bir necha bor, shu jumladan OAV orqali, MSKning rasmiy kanallari orqali javob berilgan. Yana bir bor, eslatib o`tamiz, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 14 aprelda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to`g`risidagi nizom”ning 10-14 bandlariga muvofiq:
Prezidentlkka nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar;
Nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, ko`rgazmali, audiovizual materiallar, nomzodga oid plakatlar, bannerlar, varaqalar, ommaviy axborot vositalarida qo`yiladigan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar. Saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanadi;
Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo`l qo`yilmaydi.
Biroq, binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari, ya`ni saylov kunidan ikki kun oldin joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qo`yilishi majburiy hisoblanmaydi. Bunday tartib, rivojlangan demokratik davlatlar amaliyoti va tajribasida keng qo`llanib kelinayotgan amaliyot hisoblanadi.
Shu bilan birga, 23-24 oktyabr kunlari yangi saylovoldi tashviqoti materiallarini tarqatish va saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanishini eslatib o`tamiz.






