AsosiyDunyo

Ilon Mask dunyoni tirbandlikdan qutqarmoqchi

'Ilon Mask dunyoni tirbandlikdan qutqarmoqchi'ning rasmi

Ilon Mask Las -Vegas yaqinida tunnellar tizimini qurishga ruxsat oldi. U deyarli 50 kilometr uzunlikdagi erosti qatnov tarmog`ini yaratmoqchi. Bu haqda "Lenta.ru" ga tayanib Zamon.uz xabar bermoqda.

Tadbirkorning g`oyasiga ko`ra, “Vegas Loop” deb nomlangan tizim shahar aholisi va mehmonlariga “Tesla” avtomobillari yordamida er ostida harakatlanish imkonini beradi. Bu nafaqat yangi dunyo ochadi, shu bilan birga bugunning asosiy muammolaridan biri bo`lgan er usti transporti tirbandligini bartaraf etadi.  

Qayd etilishicha, birinchi stansiya qurilishi bir necha oy ichida yakunlanishi kerak.

Mazkur loyiha aslida hazil tariqasida boshlangan edi. 2016 yil 17 dekabrda Ilon Mask o`z “Twitter”da shahardagi tirbandlikdan ta`sirlanib, - "Men tunnel burg`ulash mashinasini yig`aman va qazishni boshlayman" – deb yozadi.

Oradan biroz vaqt o`tgach, odamlarni hayratlantirishdan charchamaydigan Mask mazkur ishni chindan ham boshlaganini e`lon qiladi. Albatta, buning uchun alohida kompaniya ham tashkil qilinishi kerak edi va tashkil etiladi ham. Uning nomi “The Boring Company” bo`lib, undagi “boring” so`zi bir vaqtning o`zida ham “zerikish”, ham “burg`ulash” degan ma`noni anglatadi. Bu esa yanada ajablanarli edi. Milliarder bu nom bilan hazil bilan boshlanib chinga aylanib ketgan loyihaga ishora qilgandek bo`ldi.

2017 yil fevral oyida “The Boring Company” mutaxassislari SpaceX ofisi hududida birinchi chuqurni burg`ulashni boshlaydi.

Ma`lum qilinishicha, Mask bu joyni byurokratik rasmiyatchilikka berilmaslik uchun tanlagan. Ya`ni, mulkdor o`z hovlisidan o`ra qazishi uchun boshqalardan ruxsat so`ramaydi. Mask ham aynan ana shu narsani nazarda tutib ilk qadamini o`ziga tegishli hududni qazishdan boshladi.

Aslida “The Boring Company” loyihasi elektromobillarga o`tish yoki Marsda birinchi koloniya qurish g`oyasi kabi texnologik va qiziqarli tuyulmasdi. Erni qaziyverish ham kishini zeriktirib qo`yadi. Eng yomoni tunnel elektr ulovga o`xshab shaxsiy mulk emas, u barchaniki. Shuning uchun ham “homiy kerak” deyilganda ko`pchilik bu loyihaga ergashavermaydi. 

Shu sabab “The Boring Company” marketing kompaniyalari yordamida odamlar e`tiborini jalb qilishni maqsad qiladi.

Albatta, reklama — mahsulotni tanishtirish hamda homiy topish uchun eng yaxshi qurol. Ayni shu maqsadda, oradan tez o`tmay loyiha logotipi tushirilgan beysbol qalpoqlari sotila boshlanadi. Ularga shunday xaridorgir chiqib qoladiki, hech qancha vaqt o`tmay 50 ming donasi sotilib ketadi. Undan keyin “olov purkagich” “o`yinchog`i” ishlab chiqilgan. Bu matohni yaratishdan asosiy maqsad tushunarsiz edi, biroq “o`yinchoq” odamlarga yoqdi.

Ana shundan so`ng “unutilgan” tunnel loyihasi kishilar e`tiboriga tusha boshladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, tunnellar tarmog`i 46 kilometrdan iborat bo`ladi. Tizimda 51 ta stansiya barpo etiladi. Ular shahar tumanlaridan birida quriladi. Bunday tizimning yo`lovchi tashish imkoniyati soatiga 57 ming kishini tashkil qilishi mumkin. Ma`lumotga kshra, qurilish uch yil davom etadi.

Tunnel to`liq elektrlashtiriladi. Unda harakatlanadigan ulovlar ham elektromobillardan iborat bo`ladi. U korbonat angidrid chiqarmaydi. Shuningdek, tizim hozirgi umumiy transportlarga qaraganda juda kam energiya sarflaydi.

“DDS Wireless” agentligi ma`lumotlariga ko`ra, Ilon Maskning mazkur loyihasi ma`lum bir shaharda muvaffaqiyatli bo`lgan taqdirda ham tunnellarning shahar transport tizimiga ta`siri ahamiyatsizligicha qoladi.

    Boshqa yangiliklar