AsosiyJamiyat

“Kamolot” uylari kimlarga beriladi?

Mazkur uylarni olish tartiblari, talablari va shartlari xususida 

Yoshim 26 da, turmush o`rtog`imniki esa 30 da. Ikkalamiz ham davlat tashkilotlarida faoliyat yuritamiz. Yosh oilalarga beriladigan “Kamolot uylari”dan olmoqchi edik, ammo uning bir qator talablari bor ekan. Bu uylar kimlarga beriladi va tartiblari qanaqa? “Kamolot” a`zosi bo`lish shartmi? Shular haqida ma`lumot bersangiz!

Adolat Safoeva, Samarqand viloyati, Pastdarg`om tumani

Bahrom Ilhomjonov, Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi yuridik bo`lim boshlig`i:

- Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlashni yanada qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ko`p kvartirali qurish va yosh oilalarga imtiyozli kredit asosida berish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu qaror asosida “Kamolot”ning maxsus  Nizomi qabul qilindi. Unga  ko`ra, “Kamolot” YoIH yosh oilarlarga uy bermaydi, balki “Kamolot” uylari sifatida barpo etilayotgan ko`p kvartirali uylarga nomzodlarni tanlab berishda tavsiyanoma beradi, xolos. Demak, bu kabi uylarni oluvchi shaxs “Kamolot” a`zosi bo`lishi shart emas.  

Kimlar ariza topshirishi mumkin?

- “Kamolot”uylariga ariza berish va tavsiyanomagan ega bo`lishning 3 asosiy talabi bor. Ular:

•  Hisobga qo`yish to`g`rsida ariza bilan murojaat qilgan vaqtda yosh oilaning har birining yoshi 30 dan oshmagan, birinchi marta rasmiy nikohdan o`tgan va kreditga layoqatli deb topilishi;

•  Turar joyga muhtojligi — bunda yosh oiladan biri ijara shartlarida yashashi yoki yaroqsiz binolarda turishi va yosh oila sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan surunkali xastalikning og`ir turi bilan og`rigan bemorlar bilan birga yashashi to`g`risidagi ma`lumotnomaga ega bo`lishi;

•  Yosh oilaning er yoki xotininining mamlakat ijtimoiy hayotida faolligini belgilovchi hujjat — Davlat mukofotlari, “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni, ta`lim, adabiyot, san`at va sport kabi bir qator yo`nalishlarda nufuzli xalqaro va Respublika musobaqalari, tanlovlar vaolimpiyadalar g`olilari, va boshqalardan iborat bo`lib, keltirilgan har uchala talab bir vaqtning o`zida bo`lishi lozim.

30 yoshdan oshganlarga mumkin emasmi?

—  Amaldagi hujjatga ko`ra, hisobga qo`yish to`g`risida ariza bergan vaqtida er va xotinning har birining yoshi 30 dan oshmagan bo`lishligi qayd etilgan va 30 yoshgacha bo`lgan degan tushuncha 30 yoshni ham inobatga olib, 31 yoshdan boshlab mumkin emas, deb izohlanadi. Agar 30 yoshdan oshgan fuqaro ham ariza topshirsa, hujjatlar tartibida keltirilgan FHDYo dan birinchi marta nikohdaligi to`g`risidagi ma`lumotnomani ololmaydi, bu ma`lumotnoma ham faqat 30 yoshgacha taqdim etiladi.

“Kamolot uylari” qaerlarda qurilgan

—  Shu kunga qadar “Kamolot” uylari 2014-2015 va 2015-2016-yilgi dastur asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili har bir hududda kamida 3 tadan quriladi. 

MA`LUMOT UChUN

2014-2015 yilda 2078 ta oilaga mazkur uylar topshirildi va 2015-2016 yilda esa 1482tasi qurib, hozirda foydalanishga topshirilmoqda. 201-2017-yilga mo`ljallangan Dastur esa hali tasdiqlangani yo`q. 

To`lovi va muddati qancha?

—  Yuqoridagi Qarorga ko`ra, “Kamolot” uylaridagi kvartiralarni tijorat banklari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo`li bilan sotib olinadigan kvartiralar qiymatini to`lash uchun boshlang`ich badal to`lamasdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo`lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davrga beriladi.

Bunda uy narxini pudratchi tashkilot belgilaydi va bitta hududdagi uylar narxi bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Faqat viloyatlar miqyosida olib qaraganda har xai bo`lishi mumkin. 

Ma`lumot uchun

Ayni paytda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi 9 foizni tashkil etadi.

Narxi qachon ma`lum bo`ladi?

—  “Kamolot” tavsiyanomasini olgan yosh oila birinchi navbatda pudratchi tashkilotlarga murojaat qiladi va ular bilan dastlabki oldi-sotdi shartnomasini tuzadi. Ana shu dastlabki shartnomani o`zidayoq uy narxi ma`lum bo`ladi.

UYLAR QANDAY TAQSIMLANADI?

—  Amaldagi qonunga ko`ra, “Komolot” uylarini qurishda joylarni topish va belgilash uchun barcha hududlardagi mahalliy hokimliklar mas`ul deb, hisoblanadi. Loyiq topilgan yosh oilalar esa imkon qadar o`z tuman va shaharidan uy-joy bilan ta`minlanadi. Agar shu hududdan berish imkoni bo`lmasa, yaqinroq ikkinchi tumandan olishi mumkin. Bunda tumanlarning va yashash sharoitning biri-biriga yaqinligi inobatga olinadi. Ammo yosh oila ro`yxatda turgan viloyatdan boshqasiga berilishi mumkin emas.

Shuningdek,  hududiy komissiya tomonidan yosh oilalarga kvartiralarni taqsimlashda:

•  Birinchi qavatdagi kvartiralarni berishda yosh oila vakillari orasida nogironlar hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan surunkali kasalliklarning o`tkir shakllaridan azob chekuvchi shaxslarning mavjudligi inobatga olinadi;

•  Ikki yoki undan ortiq farzandli yosh oilalar boshqa yosh oilalarga nisbatan birinchi qavatdagi kvartiralarni olishda ko`proq huquqqa ega hisoblanadi;

•  Uch xonali kvartiralarni yosh oilalarga taqsimlashda – yosh oila vakillarinning ikki yoki undan ortiq farzandli ekanligi (qoida tariqasida, yosh oila ayolining xomiladorligini tasdiqlovchi tibbiy varaqasi ham inobatga olinishi mumkin), shuningdek davlat mukofotlari inobatga olinadi. Uch xonali kvartiralarni yosh oilalarga taqsimlashda belgilangan talablarga javob beradigan yosh oilalar holatlari teng bo`lgan taqdirda, hisobga qo`yish sanasiga e`tibor qaratiladi. 

Xonadonning maydoni qancha?

—  Bitta ko`p xonali “Kamolot” uyida 32 ta xonadon joylashgan bo`lib, 6 tasi uch xonali va 26 tasi ikki xonalidan iborat. Shundan ikki xonali xonadonning umumiy maydoni 45 kv.m. va 3 xonaliniki esa 58 kv.m.ni tashkil etadi. 

Mavzuga doir murojaatlarga oydinlik kiritamiz “arizamiz javobsiz qolib ketdi”

“Biz turmush o`rtog`im bilan sportda erishgan yutuqlar va tavsiyanomalarni ko`rsatgan holda “Kamolot” YoIH Mirzo Ulug`bek tumani bo`limiga “Kamolot” uylariga ega bo`lish uchun 2015 yil 6 oktyabrda hujjatlarimiz va arizani topshirgan edik. Bizga ikki hafta, uzog`i bilan bir oy davomida javob protokolini olasiz, sizga qo`ng`iroq qilamiz, deyishgandi. Ammo sal kam ikki oy davomida hujjatlarimiz tumanning o`zida qolib ketdi. Tinimsiz so`rovlarimiz sabab bo`lsa kerak, arizamiz nihoyat shahar bo`limiga o`tkazildi. Ammo hozirgacha ham shahar bo`limidan hech bir natija olganimiz yo`q. Deyarli har kuni qo`ng`iroq qilamiz. Ammo faqat Markaziy kengashda hali majlis bo`lmadi, degan javobdan nariga o`tishmaydi. Shu kabi sabab va bahonalar bilan 7 oy ham o`tib ketdi...”

A.S. Toshkent shahri, 

— Shu kunga qadar, arizalarning vaqtida ko`rilmasligi holati “Kamolot uylari”ni ajratish bo`yicha hududiy va Respublika komissiyalarida deyarli uchramaydi. Ayrim holatlarda hududiy komissiyalar tomonidan yig`ilish bo`lib o`tgandan so`ng hududiy komissiya mas`ul kotiblari tomonidan kelib tushgan ariza va hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar sabab kechikishi mumkin. 

Hududiy komissiya tomonidan “Kamolot” YoIHning tuman, shahar kengashiga taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama o`rganadi, haqiqiyligini tekshiradi.

Hujjatlar hududiy komissiyadan Respublika komissiyasiga topshirilganidan so`ng har bir ariza javobi 5 ish kuni muddatida hududiy komissiyalarga  taqdim etiladi. 

Agar arizalarning vaqtida ko`rilsmasligi bilan bog`liq holatlar kuzatilsa, bunda hududiy komissiya javobgar hisoblanadi.

“Zangiotada ham uy quriladimi?”

Men ikki yil oldin “Kamolot” YoIH Zangiota tumani bo`limidan “Kamolot” uylaridan olish uchun tavsiyanoma olganman. Ammo haligacha Zangiotada bunday uylar qurilmayapti. Ayting-chi, joriy yilda Zangiotada ham quriladimi Kamolot uylari, yana qaysi hududlarda qurilishi rejalashtirilgan? 

Sodiq Valiev, Zangiota tumani

•  Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Kamolot” uylari sifatida ko`p kvartirali uy-joylarni qurish mahalliy hokimliklar bergan taklif asosida amalga oshiriladi. Takliflarni Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi va “Kamolot” YoIH o`rganib chiqib, loyihalar tayyorlanadi. O`tgan 2014-2015 va 2015-2016- qurilish yilida Zangiota tumanida “Kamolot” uylari qurilmadi. Mazkur 2016-2017-yilda esa Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yangiyo`l, Bekobod tumanlari va Olmadiq shahrida yosh oilalar uchun “Kamolot” uylarini qurish rejalashtirilayapti. 

“Kamolot” uylarini olishda talab qilinadigan hujjatlar

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar siftada yosh oilani hisobga qo`yish uchun er-xotindan biri doimiy ro`yxatdan o`tgan joyi bo`yicha “Kamolot” YoIH tuman engashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•  “Kamolot” YoIH tuman, shahar kengashi raisi nomiga ariza;

•  Nikoh to`g`risidagi guvohnomaning nusxasi;

•  Oila tarkibi to`g`risida yashash joyidan ma`lumotnoma va barcha a`zolarning pasportlari (tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomalari);

•  Yashash joyi bo`yicha fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlari to`g`risida ma`lumotnoma;

•  Ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi;

•  Doimiy ish joyidan ariza beruvchining oxirgi 12 oylik daromadlari to`g`risida ma`lumotnoma;

•  Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasining hududiy bo`linmasi tomonidan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joyi yo`qligi to`g`risida berilgan ma`lumotnoma;

•  Mamlakat ijtimoiy hayotida faolligini tasdiqlovchi hujjat;

    Boshqa yangiliklar