Xitoy xalq oliy sudi va xalq oliy prokuraturasi poraxo`rlarga nisbatan o`lim jazosini qo`llash bo`yicha qonunga o`zgartirish kiritdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, endilikda 460 ming AQSh dollari va undan ko`proq miqdordagi pulni pora sifatida olgan yoxud o`zlashtirgan shaxslarga nisbatan o`lim jazosi qo`llaniladi.
Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin hukumatga kelgan 2012 yildan boshlab,mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash keng ko`lamda amalga oshirila boshladi.
Rasmiy statistika ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning yanvar oyida mamlakatda pora olgan 5459 nafar mansabdor shaxslar jazoga tortilgan. O`tgan 2015 yilda esa qariyb 50 ming nafar amaldorlar pora olgan va berganligi uchun jazolangan.
Xitoy xalq Respublikasida boshqa mamlakatlarga nisbatan ko`proq o`lim jazosi qo`llaniladi. Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatda har yili besh mingga yaqin kishi o`lim jazosiga hukm qilinadi. O`lim jazosi mamlakat qonunlarining 46 ta moddasi bo`yicha, asosan noqonuniy narkotik savdosi uchun qo`llaniladi.