AsosiySport

Timur Kapadze: “Bunday musobaqalardan hamma tajriba oladi”

'Timur Kapadze: “Bunday musobaqalardan hamma tajriba oladi”'ning rasmi

Xabaringiz bor, joriy yilning 27-oktyabridan 2-noyabriga qadar yurtimizda U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichi “D” guruhidan o`rin olgan o`yinlar bo`lib o`tadi.

Bugun “Paxtakor” stadioni anjumanlar zalida saralash bahslari oldidan jamoalar murabbiyi va futbolchilar ishtirokida rasmiy matbuot anjumani o`tkazildi. Unda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze va jamoa a`zosi Jasurbek Jaloliddinov ham ishtirok etdi.

Timur Kapadze:

— Ushbu bosqich biz uchun tayyorgarlik vazifasini o`tab beradi. Ayniqsa, bahslar O`zbekistonda o`tkazilishi biz uchun qulay bo`ldi. O`ylaymanki, oldimizda turgan o`yinlar xalqaro tajriba taqdim etib, o`zimiz uchun holatimizni, darajamizni aniqlab olishimizga xizmat qiladi.

— “Nasaf” klubining finalga chiqqani bizga hech qanday ta`sir qilgani yo`q. To`g`ri, Husayn Norchaev ushbu yig`inga jalb qilinmadi, biroq bu boshqa futbolchilarga o`zlarini ko`rsatishi uchun imkon yaratadi. Umuman olganda, bunday musobaqalardan hamma uchun tajriba oladi.

— Yosh jamoa bilan musobaqada ishtirok etish katta muammo emas, chunki biz o`z oldimizga katta maqsadlar qo`yganmiz va ular yo`lida to`g`ri harakat qilmoqdamiz, deb o`ylayman. Bizda tanlov katta, iqtidorli yoshlarimiz ko`p. Jalb qilingan 23 nafar futbolchimiz ushbu 3 ta o`yinda o`zlarini ko`rsatishlariga ishonaman.

Shuningdek, barcha jamoalarga omad tilayman.

Jasurbek Jaloliddinov:

— Ertaga bizni Saudiya Arabistoniga qarshi jiddiy bahs kutib turibdi. Biz ushbu jamoaga qarshi 3-marta o`ynaymiz. G`alaba qozonish uchun hamma narsa mavjud, ayniqsa, bizda hozir g`alaba kayfiyati bor. Murabbiyimiz bizni bu musobaqaga tizimli tayyorlab kelmoqda, oldimizda turgan barcha uchrashuvlarda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

— Futbol, albatta, muxlislar uchun. Biz o`z uyimizda o`ynaymiz, shu sabab muxlislarimiz bizni qo`llab-quvvatlab turishlariga ishonamiz. Chunki ular bilan birga biz yanada kuchliroq bo`lamiz.

Boshqa yangiliklar