Amerikalik olimlar koronavirusni nafaqat jismlar yuzasi, balki inson hujayralari ichida ham yo`q qilishga qodir qurilma yaratdi. Bu haqda “Scientific Reports” jurnali xabar tarqatdi.
Yangi ixtiro lampa-chiroq shaklida. U o`zidan ko`k yorug`lik to`lqinlari chiqaradi va «COVID-19»ni neytrallashtiradi.
Tadqiqotchilar avvalroq ultrabinafsha nurlari koronavirusga qarshi kurashishda samara berishini qayd etgan edi. Ammo bunday nurlanishning yuqori dozalari DNK buzilishlariga olib kelishi mumkin.
Yangi tadqiqotda esa olimlar ma`lum zichlikdagi ko`k nur to`lqinlaridan foydalanishdi va uning tegishli diapazonda inson uchun xavfsiz ekanligini aniqlashdi.
Tajriba-sinov jarayoni odam bronxlari va traxeyasidan olingan donor hujayralari asosida yasalgan uch o`lchovli hujayra modellari ustida o`tkazildi.
Ma`lum bo`lishicha, bunday yorug`likning past dozalari ham virusni yo`q qila oladi va inson hujayralariga salbiy ta`sir ko`rsatmaydi.
Olimlarning fikricha, yangi ishlanma vaksinalar tanqisligidan aziyat chekayotgan mamlakatlar va mintaqalarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash vositasi sifatida qo`llanilishi mumkin.






