Serbiyada davom etayotgan navbatdagi jahon chempionatida Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi(AIBA) tizimida joriy etiladigan sportchilar qo`mitasiga nomzodlar saylanadi, deyiladi "insidethegames" sayti xabarida.
AIBA prezidenti U.Kremlevning ta`kidlashicha, mazkur komissiya 27 nafar nomdor sportchidan tashkil topadi.
Komissiya a`zolari qatoridan joy olish uchun AIBA tizimidagi har bir qit`aviy konfederasiya tomonidan nomzodlar tavsiya etilgan.
Aytish lozimki, AIBA boshqaruv organida ovoz berish huquqiga ega bo`ladigan maqomga ega bo`lish maqsadida mazkur tuzulmadan o`rin olish uchun dunyoning bir qator nomdor bokschilari nomzod sifatida ko`rsatilgan.
E`tiborlisi, ushbu komissiyaga tavsiya etilgan nomzodlar safidan o`zbek boksining yorqin vakili, jahon va olimpiya o`yinlari g`olibi Bahodir Jalolov ham joy olgan.
Shuningdek, qozog`istonlik Ablayxon Jusupov, pokistonlik Avaysa Ali Xon, hindistonlik Shivi Tapa, fransiyalik Sofen Umixa, ukrainalik Aleksandr Xijnyak, italiyalik Aziz Abbas Muxiydin, ispaniyalik Gabriel Eskobar Maskunano, armanistonlik Ovannes Bachkov, vengriyalik Adam Xamori kabi qator taniqli bokschilar AIBAning sportchilar komissiyasiga nomzod sifatida ko`rsatilgan.
Ovoz berish jarayonlari yopiq tarzda o`tkaziladi. AIBA sportchilar komissiyasiga kiritiladigan 27 nafar charm qo`lqop ustalari nomi esa Serbiyadagi jahon chempionati jarayonida e`lon qilinadi.






