Kecha, 27 oktyabr kuni Moskva shahrida O`zbekiston va Rossiya o`rtasida iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning 22-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Dunyo AA ma`lum qildi.
Yig`ilish O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraisligida o`tkazildi.
Tadbirda shuningdek, ikkala mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Kun tartibi doirasida ikkala mamlakatning o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorligi kabi keng ko`lamli masalalar ko`rib chiqildi.
Har ikki Davlat rahbarlarining sa`y-harakatlari tufayli O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi munosabatlar misli ko`rilmagan yuqori darajaga etib, rivojlanishning yuqori va barqaror dinamikasi bilan ajralib turayotgani ta`kidlandi. Bu, o`z navbatida, ustuvor yo`nalishlar bo`yicha hamkorlikni chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlarni yaratadi.
«Bizning mushtarak maqsadimiz 2030 yilga borib mamlakatlarimizga temir yo`l orqali 1 mln tonna mahsulot etkazib berishdir», - dedi Maksim Reshetnikov.
Yig`ilish davomida ikki mamlakat vazirliklari va idoralarining rahbarlari taqdimotlar o`tkazib, tarmoqlar va yo`nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha istiqbolli rejelari bilan bo`lishdi. Bildirilgan takliflar atroflicha ko`rib chiqilib, investisiyalar, savdo, sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, transport va tranzit, madaniy-gumanitar hamkorlik hamda sayyohlik sohasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalda joriy etish bo`yicha hamkorlik qilish mexanizmi belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy Bayonnoma imzolandi.






