O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbarini Prezident saylovidagi g`alabasi bilan qutlab, kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilagan.
O`zbekiston etakchisi, Ozarbayjon rahbari va xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – G`alaba kuni bilan muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tilaklarini izhor etgan.
Muloqotda O`zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilishgan.
Ma`lum qilinishicha, kelgusi oyda Boku shahrida O`zbekistonning milliy sanoat ko`rgazmasi o`tkaziladi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig`ilishlariga tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Shuningdek, transport-kommunikasiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan poytaxtlar o`rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalalari ko`rib chiqilgan.
Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari, shu jumladan Turkiy kengashning bo`lajak sammiti kun tartibi yuzasidan fikr almashishgan. Oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko`rib chiqilgan.






