AsosiyJamiyat

Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent uchun tibbiy ko`rik O`zbekistonda amalga oshiriladi

'Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent uchun tibbiy ko`rik O`zbekistonda amalga oshiriladi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mutasaddilari ishtirokida o`tkazilayotgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi:

Joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federasiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri o`rinbosari Andrey Pudov boshchiligida Qurilish va uy-joy xo`jaligi, Ichki ishlar va Sog`liqni saqlash vazirliklari, Rostrud, Moskva hukumati hamda «Roskapstroy», «Nostroy», «Naymiks», «Almas-integral», «PIK Industriya», «Reneyssans Xevi Indastris», «Yandeks» kabi yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delagasiya O`zbekistonga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida mehnat migrasiyasi masalalariga bag`ishlangan muzokaralar o`tkazilib, qurilish sohasida ishlash istagida bo`lgan o`n ming nafar fuqaroni yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida O`zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilish bo`yicha kelishiluvga erishilgan edi.

 O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federasiyasiga yuborish bo`yicha pilot loyihasi boshlandi.

 Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog`liq, jumladan, tibbiy ko`rikdan o`tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo`yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.

Shu munosabat bilan o`n ming nafar fuqaroni Rossiya Federasiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo`natish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi O`zbekistonga etib keldi.

 Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko`rik Rossiya sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o`rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida yurtimizda amalga oshiriladi. Ta`kidlash joizki, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo`lgan ko`plab yurtdoshlarimiz uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar