Surxondaryoda o`zini "DXX xodimi" sifatida tanishtirib fuqarolarning 32 million pullarini o`zlashtirmoqchi bo`lgan shaxs ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati "Darakchi"ga ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, Termiz shahrida yashovchi, 1970 y.t. “Sh.R.” o`zini go`yoki DXX xodimi deya tanishtirib, aldov yo`li bilan uni davlat xavfsizligi tizimiga ishga kirishida yordam berishini aytib, evaziga 10 mln. so`m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan so`ralgan puldan 2,4 mln so`mni olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs muqaddam 3 nafar fuqaroni ham DXX idoralariga ishga kiritib qo`yishni va`da qilib, ulardan jami 22 mln. so`m miqdorida pul mablag`lari olgan.
Xorazmda ham shunga o`xshash jinoyatni sodir etgan shaxs ushlandi. Biroq biroz boshqacha vaziyatda. U qamoq jazosini boshqasiga o`zgartirib berishni va`da qilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs 11 ming dollar evaziga, ichki ishlar organlari tomonidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida mahalliy fuqaroga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanishlari orqali boshqa ehtiyot chorasiga o`zgartirib berishni va`da qilgan.
"Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda",–deyiladi xabarda.






