1

Andijonda 5 erkak tomonidan zo`rlanganini aytgan kelinchakning o`zi jazolandi. Chunki...

Jinoyat 15.11.2021, 16:53
Andijonda 5 erkak tomonidan zo`rlanganini aytgan kelinchakning o`zi jazolandi. Chunki...

Bundan besh yarim oy avval Andijon viloyatida 5 oylik kelinchak besh kishi tomonidan zo`rlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi. Unda kelin dala shiyponida idishlarni yuvish uchun chiqqanda, uni ko`rgan 5 nafar spirtli ichimlik ta`sirida bo`lgan erkaklar majburlab shiyponga olib kirib, qo`l-oyog`ini bog`lab, zo`rlagani aytilgan. Kelinning yaqinlari uni zo`rlagan erkaklarga qonuniy chora ko`rishni so`ragan. 

O`shanda yuqori turuvchi huquq organlari tomonidan voqea yuzasidan gumonlanuvchilar va guvohlarning ko`rsatmalari, dastlabki sud tibbiy ekspertizasining natijalari hamda jabrlanuvchining ko`rsatmalari o`rtasida jiddiy tafovutlar borligi sababli, qo`shimcha tergov va tezkor harakatlari amalga oshirilayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, tergovning yakuni bo`yicha har bir ishtirokchining harakatlariga huquqiy baho berilishi hamda aybdorlar uchun jazo muqarrarligi ta`minlanishi kafolatlanishi, shuningdek, bu haqda jamoatchilikka o`z vaqtida va batafsil ma`lumot berilishi bildirilgandi.

TERGOV HARAKATLARI YaKUNIGA KO`RA...

Andijon viloyatidagi muxbirimiz viloyat prokuraturasi axborot xizmati bilan bog`lanib, tergov harakatlari yakuni bo`yicha ma`lumot taqdim etishni so`radi.  

Viloyat prokuraturasi taqdim etgan tafsilotlarga ko`ra, “Odam DNKsi sud-biologik” ekspertizasining xulosasiga ko`ra, 5 kishi tomonidan zo`rlangani haqida da`vo qilgan kelinchakning kiyim-kechaklarida aniqlangan moddalar uning turmush o`rtog`iga tegishli ekanligi ma`lum bo`lgan.     

Kelinchak yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so`roq qilinganida, uni hech kim zo`rlab nomusiga tegmaganligini, u qaynonasi tomonidan moddiy manfaatdor bo`lish evaziga zo`rlab nomusiga tekkani haqida ariza va ko`rsatma berishga majbur qilingani, agarda ushbu ko`rsatmani bermasa, turmush o`rtog`i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishini ayt­gani sababli, ilojsizlikdan yolg`on ko`rsatma berganini ma`lum qilgan.

Mazkur ish bo`yicha kelinni zo`rlaganlikda ayblangani uchun tergovga jalb qilingan fuqarolardan biri o`zining ko`rgazmalarida tanishlari, ya`ni boshqa gumonlanuvchilar bilan birga voqea sodir bo`lgani qayd etilayotgan kun va soatda choyxonada o`tirganliklarini va spirtli ichimliklar iste`mol qilganliklarini, so`ng daryo bo`yiga borib ham aroq ichishganini, keyin uylariga ketganliklarini bildirgan. Shuningdek, mazkur fuqaro hamma tanishlarini o`ziga tegishli bo`lgan avtomashinasida uylariga tashlab, ish joyiga ketganligini aytgan.  

Ushbu fuqaroning ko`rgazmalarini qolgan gumonlanuvchilar ham to`liq tasdiqlashib, o`sha kuni zo`rlangani aytilayotgan kelinchakni umuman ko`rmaganliklarini, uni umuman tanimasliklarini ma`lum qilgan.  

2021 yil 14 may kuni gumonlanuvchilarning badani tibbiy mutaxassislar tomonidan ko`zdan kechirilganda hech qanday jarohat va shilinma izlari mavjud emasligi aniqlangan.

DA`VOGAR  GUMONLANUVChILARNI TANIGANMI?

Zo`rlanganini da`vo qilgan kelinchak ishtirokida shaxslarni tanib olish tergov harakati o`tkazilganida, u gumonlanuvchilar orasidan faqatgina mahalladoshi bo`lgan ikki fuqaroni tanigan.  

Shuningdek, voqea sodir etilgan kuni daryo bo`yida dam olib o`tirgan mazkur ishda gumonlangan boshqa fuqarolar ham o`z ko`rgazmalarida, da`vogar kelinchakka tegishli bo`lgan dala shiyponi ulardan 400 metr uzoqlikda joylashganligini, dala shiyponi ularga yaqqol ko`rinib turganligini, ular shu kuni soat 10:30 dan 17:30 ga qadar o`tirishganligini, shu vaqt davomida shiypon atrofida begona erkaklarni ko`rmaganligini, dala shiyponidan ayol kishining baqirib yordam so`raganligi eshitilmaganligini bildirishgan.

2021 yil 26 may kuni o`tkazilgan tergov harakatlari davomida to`plangan inkor qilib bo`lmas dalillarga asosan da`vogar kelinchakning zo`rlanganligi to`g`risidagi vajlari o`z tasdig`ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismi Jinoyat prosessual Kodeksining 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa) asosan tugatilgan.

GUMONLANUVChILAR AYBDOR EMAS,  BALKI DA`VOGAR DEYa E`TIROF ETILDI

4 iyun kuni jinoyat ishi bo`­yicha sudga oid psixiatriya va psixologiya ekspertizalari ta­yinlangan.

Sud-psixologik ekspertizasining 14 iyundagi xulosasiga ko`ra, kelinchakning dastlabki tergovda aytgan gaplarida mantiqiy bog`liqlik etishmaydi, fikrlar bir-biriga bog`lanmagan.  Ayol holatni ongli ravishda,  to`g`ri tushungan holda anglab etishga va tahlil qilishga qodir emas, deb topildi. Qisqasi, ekspertlar uning ko`rsatmalari real voqelikka to`g`ri kelmaydi, degan qarorga kelishgan.  

Shu munosabat bilan 2021 yilning 22 iyun kuni zo`rlaganlikda gumonlangan 7 nafar fuqaro aybdor emas, balki jabrlanuvchi va fuqaroviy da`vogar deb e`tirof etilgan.  

QAYNONA VA QAYNOTA OGOHLANTIRILGAN,  QAYNAKA ESA  JARIMAGA TORTILGAN  

Viloyat prokuraturasining qayd etishicha, jinoyat ishidagi kelinning yaqin qarindoshlariga nisbatan bo`lgan qismi alohida material tariqasida ajratilib, ularning harakatlariga baho berish­ uchun hujjatlar Andijon tuman ichki ishlar bo`limiga yuborilgan.

Andijon viloyat sudi axborot xizmatining ma`lum qilishicha, joriy yilning 5 iyul kuni jinoyat ishlari bo`yicha Andijon tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy ish ko`rib chiqilgan.

Sud qaroriga asosan javobgarlarning barchasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 40-moddasi(Tuhmat)da nazarda tutilgan huquq­buzarlikni sodir etgan, deb topilgan. Biroq kelinchakning qaynonasi va qaynotasi ­MJtKning 21-moddasiga (Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish) asosan ma`muriy javobgarlikdan ozod etilib, kelgusida yuqoridagi kabi huquqbuzarliklarni sodir etgan taqdirda javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilib, ularga nisbatan yuritilgan ma`muriy ish harakatdan tugatilgan.

Qaynakasiga nisbatan esa bazaviy hisob­lash miqdorining 5 barobari, ya`ni bir million ikki yuz yigirma besh ming so`m,  qaynopasiga esa BHMning 2 barobari, ya`ni to`rt yuz to`qson ming so`m miqdorida jarima jazosi ta­yinlangan.

KELINChAKKA JINOYaT  IShI OChILGAN

Viloyat prokuraturasi ma`lumotlariga ko`ra, 2021 yilning 26 iyun kuni kelinchakka nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (Nashr qilish yoki bosh­qacha usulda ko`paytirilgan matn­da yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish) “a”(og`ir yoki o`ta og`ir jinoyat sodir etishda ayblab), “b” (og`ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo`lgan holda), “g” (g`arazgo`ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa) bandlari (tuhmat) va boshqa moddalari bilan ayblov e`lon qilinib, “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.  

Jinoyat ishi 26 iyun kuni ayb­lanuvchi kelinchak va uning himoyachisiga tanishtirilgan. Ikki kundan so`ng, ya`ni 28 iyun kuni jinoyat ishi bo`yicha ayblov xulosasi tuzilib, Jinoyat prosessual kodeksining 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan.

MA`LUMOT UChUN

Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch oydan olti oygacha qamoq yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, “a, b, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etilgan taqdirda esa uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlanishi mumkin.

Umidjon MAMARASULOV,  

Andijondan maxsus  

“Darakchi” uchun

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1