Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov kecha ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan «Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 68-maktab og`ir ahvolda» degan maqoladagi vaziyatni o`rganish uchun bugun mazkur maktabda bo`ldi. Bu haqda vazirlikni Matbuot xizmati ma`lum qildi.
O`rganish natijasida bugun 338 nafar o`quvchi tahsil oladigan mazkur maktab 1985 yilda qurilgan bo`lib, maktabning ahvoli haqiqatdan ham talabga javob bermasligi ma`lum bo`lgan.

Holatni o`rganar ekan Baxtiyor Saidov maktabni kelgusi yil investisiya dasturiga kiritish yuzasidan tegishli mas`ullarga ko`rsatma bergan. Shuningdek bugungi kunda Qarshi tuman xalq ta`limi boshqarmasi lavozimi vakant bo`lgani bois, mazkur lavozimga nomzodlarni ko`rib chiqish bo`yicha ko`rsatma bergan.
Maktabga ishchi tashrif davomida vazir maktab pedagoglari bilan suhbatda bo`lgan.
«Maktabingizni investisiya dasturiga kiritib, holatini imkon boricha tez fursatlarda yaxshilab berishga harakat qilamiz. Bugun sizlardan so`raydigan narsam, o`zingiz ta`lim va tarbiya berayotgan o`quvchilar orqali oilalarga ma`naviyat va ma`rifat olib kirishingiz kerak. Har bir bola orqali biz jamiyatga ma`rifat ulasha olishimiz kerak. Shunda oldimizga qo`yilgan maqsadga erishamiz», — deydi vazir.
Shundan so`ng vazir sinf xonalarga kirib o`quvchilarga vazir darsini o`tib bergan. Dars davomida o`quvchilarga o`zlari uchun yorqin kelajak yaratishga bugundan harakat qilishlari zarurligini uqtirgan:
«Yaxshi kasb egasi bo`lish uchun bugundan o`z ustingizda ishlashingiz lozim. Bugun mehnat qilsangiz, o`qisangiz o`z ustingizda ishlasangiz ertaga albatta yuksak marralarni zabt etasiz», — dedi Baxtiyor Saidov.
Baxtiyor Saidovning viloyat maktablarini o`rganish jarayoni davom etadi.






