1

Somoniylar maqbarasining loyi tuya sutiga qorilganmi yoki xo`roz qoniga?

Moziydan sado 25.11.2021, 13:25
Somoniylar maqbarasining loyi tuya sutiga qorilganmi yoki xo`roz qoniga?

Buxoro bugungacha eng go`zal tarixiy obidalarni o`zida jamlagan qadimiy shahar sifatida alohida e`tirof etib kelinadi. Jumladan, O`rta Osiyoda Somoniylar davri me`morchiligining nodir namunalaridan biri bo`lganIsmoil Somoniy maqbarasi ham ushbu muborak shaharda qad rostlagan. Bugun o`zining takrorlanmas ko`rinishi va qurilish texnologiyasiga ega mazkur yodgorlik haqidagi afsona va haqiqatlarhaqida bayon qilib, moziyga sayohat qilamiz. 

ISMOIL SOMONIY KIM?

Ismoil Somoniy maqbarasi hozirgi Buxoro shahrining madaniyat va istirohat bog`i hududida joylashgan. Geometrik tartib va qoida asosida bino qilingan obida Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob Ismoil Somoniy tomonidan 864-868 yillarda bunyod etilgan.
Ismoil Somoniy 848 yil Buxoro shahrida tug`ilgan, 874 yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo`lgan. U madaniyat rivojiga katta hissa qo`shgan shaxs sifatida tarixda qolgan.

AKASINI O`LDIRIShGA MAJBUR BO`LADI

Tarixda ko`plab hukmdorlar taxt uchun o`z jigarlari bilan to`qnash kelgani va hatto, biri-birining joniga qasd qilishgacha borishgani haqida o`qiganmiz. Xususan, Ismoil Somoniy ham shunday achchiq taqdirni boshdan kechirgan. U 874 yilda Buxoro noibi bo`lgan bir paytda Movarounnahrda akasi Nasr hukmronlik qilgan. 888 yilga kelib aka-uka o`rtasiga sovuqchilik tushadi va bu katta urushga sabab bo`ladi. Ismoil jangda akasini engib, o`z hayotini saqlab qolish bilan birga Movaraunnahr amiri, 892 yili esa mamlakat xalifi etib tayinlanadi.

Afsonami yoki haqiqat?

Ismoil Somoniy hukmronlik davrida o`ziga ulkan maqbara qurdirgan. Mazkur maqbara hozirga qadar jahon arxitekturasining takomillashgan asari sifatida tan olinadi. U gumbazsimon shaklida bo`lib, Movarounnahr va Xuroson me`morchiligining o`ziga xos “Chor” uslubida qurilgan. Obidaning 4 tomoni bir xil chordara shaklida. Ma`lumotlarga ko`ra, ana o`sha davrdan boshlab binokorlikda ilk bor yuqori sifatli pishgan g`isht, alebastrli qorishmalar ishlatilgan. Ushbu arxitekturaviy yodgorlik XI asrdan ortiq vaqt ichida dastlabki holi to`laligicha saqlanib qolgan obida sanaladi.
Uning qurilishida pishgan g`isht, tosh va yog`ochdan foydalanilgani aytilgan. Ayrim manba va rivoyatlarga ko`ra, g`ishtni terishda orasiga tuya sutiga qorilgan loy ishlatilgan. Boshqa afsonalarda ayilishicha esa obidaning qurilishidagi loy uchun qizil xo`rozning qonidan foydalanilgan, shu sabab maqbara g`ishtlari hech qanday rangli bo`yoqlarsiz ham hozirgacha o`z jozibasini yo`qotmagan, deya hikoya qilishadi. 

O`G`LI O`Z QULLARI TOMONIDAN O`LDIRILADI

Me`moriy obidaning o`ziga xos tomoni shundaki, u O`rta Osiyo arxitektura va san`at tarixidagi dastlabki maqbaralardan. Yozma manbalar va rivoyatlarga ko`ra, maqbarani Ismoil Somoniy otasi qabri ustiga qurdirgan. Sharq tomondagi sag`ana Ismoil Somoniy qabri deb taxmin etiladi. Buxoro haqidagi tarixiy kitoblarda Ismoil Somoniyning o`g`li amir Ahmad 914 yilda o`z qullari tomonidan o`ldirilgan va mazkur maqbaraga qo`yilgan deb yoziladi. Keyinroq esa nevarasi Nasr ham shu erga dafn etilgan. 

Ismoil Somoniy maqbarasi O`zbekiston Respublikasi hududidagi tarixiy yodgorliklar ichida birinchilardan bo`lib YuNESKOning umumjahon madaniyati merosi ro`yxatiga kiritilgan.

Farida EGAMBERDIEVA 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1