O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 noyabr kuni Evropa Ittifoqining Evropa komissiyasi vise-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Uchrashuv avvalida EIning yuqori darajadagi vakili davlatimiz rahbariga Evropa kengashi raisi Sharl Mishel va Evropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
O`zbekiston va EI o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
Ikki tomonlama muloqotlar, shu jumladan iqtisodiyot, qonun ustuvorligi, demokratik yangilanishlar, inson huquqlari, xavfsizlik va boshqa ustuvor yo`nalishlarda hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu oyda “O`zbekiston - EI” hamkorlik kengashining navbatdagi yig`ilishi muvaffaqiyatli o`tkazildi.
O`zaro savdo hajmi jadal ortmoqda, Evropa etakchi kompaniyalarining ilg`or tajribasi va texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik investisiya loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Ta`lim, xavfsizlik sohasida, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasida muhim qo`shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston va EI o`rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim bo`yicha muzokaralarni yakunlash va uni tez fursatda qabul qilish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.