AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbaevning dollarni “qora bozorda” almashtirganini qoraladi

'Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbaevning dollarni “qora bozorda” almashtirganini qoraladi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videotasvirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbaev Yangiyo`l shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shaxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 AQSh dollarini “qora bozorda” almashtirishga majbur bo`lganligini, bu harakati bilan O`zbekiston Respublikasi qonun va tartiblarini buzganligini hamda o`z harakati uchun javobgar bo`lishga tayyor ekanligini ma`lum qilgan edi.

Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbaevning ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlarini qoraladi. Vazirlik xabarda ko`tarilgan muammo hayotimizda uchrayotganligini inkor etmagan holda, uning aynan huquqiy tomoniga e`tibor qildi.

"…O`zbekistonda qonun chiqaruvchi oliy organning vakili tomonidan amalda va o`z kuchida bo`lgan O`zbekiston qonunlarini buzishga qaratilgan namoyishkorona harakatlarni Adliya vazirligi quyidagilarga asosan qattiq qoralaydi.

Birinchidan, O`zbekiston Respublikasi hududida belgilangan yuqoridagi qoidalar va qonun talablari kimgadir qulayligi yoki qulay emasligi, yoqishi yoki yoqmasligi, uning fikridan, qarashlaridan va ijtimoiy maqomidan yoxud haftaning qaysi kuni ekanligidan qat`i nazar bajarilishi majburiydir.
O`zbekistonda huquqiy ong va madaniyat, qonun ustuvorligini ta`minlash va huquqiy davlat qurish bo`yicha jamiyat birlashib, shu maqsadlar sari intilib yashab kelmoqda.

Albatta mamlakatda qonun ustuvorligini ta`minlashda hali qator muammolar mavjud va bu borada qilinishi kerak bo`lgan ishlar juda ko`p. Buni har kungi hayotimizda, jamiyat vakillari fikrlarida, xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar reytinglarida ham ko`rib turibmiz. Shunday ekan, ushbu muammolarni echish va qonuniylikni ta`minlash ustida bosh qotirish kerakmi yoki teskarisini targ`ib qilish kerakmi, degan haqli savol tug`iladi.

Ikkinchidan, jamiyatni qiynayotgan, o`z echimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ochiq va shaffof barcha darajada muhokama qilinib, echimlar o`rtaga tashlanmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari, deputatlar, senatorlar va mutaxassislar o`z fikrlarini erkin bayon etmoqda.

Lekin deputat R.Kusherbaev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qo`yilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona ma`lum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga ko`z yumsa bo`ladi, javobgarlikdan qo`rqmayman degan eng noto`g`ri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi.

Ayniqsa, bu harakatlar, qonun qabul qiladigan eng oliy organ vakili tomonidan, o`zi qabul qiladigan qonunlarga rioya etilishini targ`ib qilishi kerak bo`lgan mas`ul inson tomonidan sodir etilgani eng achinarli holatdir.

Kelajakda hurmatli deputat qonun ustuvorligini boshqalardan talab qilganda, o`zining ushbu harakatlarini jamiyat a`zolari unga eslatishlari aniq.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi deputati sifatida R.Kusherbaev o`z vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida tegishli so`rov bilan mutasaddi idoralarga murojaat etishi, qonunlarga o`zgartirish bo`yicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkin edi (valyuta sohasidagi qonunlarga).
Afsuski, R.Kusherbaevning shaxsiy o`rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish va bunday huquqbuzarlikni ma`nan yoqlash usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ`ib qilishga olib kelayotganligini oqlab bo`lmaydi.

To`rtinchidan, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan deputat o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, ...qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Mazkur qonunning 11-moddasiga asosan deputat odob qoidalariga qat`iy rioya etishi lozimligi, deputatning o`z maqomidan jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon etkazadigan tarzda foydalanishiga yo`l qo`yilmasligi nazarda tutilgan",- deyiladi munosabatda.

    Boshqa yangiliklar