Ushbu muzokaralarning maqsad va vazifasi — O`zbekiston futbol assosiasiyasi hamda Yaponiya o`rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish, ikki mamlakat futbolini rivojlantirish, o`zaro tajriba almashish, shuningdek, O`zbekistonga Yaponiyadan murabbiy va mutaxassislarni jalb etishdan iborat bo`ldi.
O`FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov O`zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyligi va hududiy akademiyalarning texnik direktorligi lavozimi uchun Yaponiyaning katta tajribaga ega mutaxassislar xizmatlaridan foydalanish masalasini muhokama qildi.
“So`ngi yillarda yurtimizda sportga, xususan, ayollar futboliga e`tibor har galgidan ortgan. Shu yo`lda o`z oldimizga bir qator maqsadlar qo`yganmiz. Ayollar futboli borasida katta tajribaga ega Yaponiya bilan hamkorlik qilish maqsadlarimizga erishishda katta yordam beradi, deb o`ylayman”, dedi Ravshan Ermatov.
Dastlabki kelishuvga ko`ra, ayollar terma jamoamizga nomzod bosh murabbiy va uning yordamchisi kelasi yilning yanvar oyida yurtimizga kelishi kutilmoqda. Ularning vazifalari qatoriga ayollar futbolini rivojlantirish tizimini yo`lga qo`yish va mashg`ulotlarni ilmiy-tahliliy yondashuv dasturlari asosida tashkil etish kabilar kiradi.
Muzokaralar chog`ida shartnomaning shartlari va yapon mutaxassislarining mamlakatimizdagi vazifalari muhokama qilindi. Har ikki tomon ham uzoq muddatli samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.