2021-yil 3-dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Stokgolm shahriga amaliy tashrifi doirasida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Shmid bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
So`nggi yillarda O`zbekiston bilan YXHT o`rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, davlat boshqaruvining samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligi tamoyillarini ilgari surish kabi yo`nalishlarda konstruktiv muloqotni faollashtirishdan tomonlarning birday manfaatdor ekani ta`kidlandi.
H.Shmid YXHTning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan o`tkaziladigan Markaziy Osiyoda BMT Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasining 10 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiyaning tashkilotchilaridan biri sifatida ishtirok etishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Afg`oniston masalasi, jumladan ushbu mamlakatni nizodan keyingi tiklash bo`yicha Tashkilotning o`zaro kelishilgan pozisiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.