Dekabr oyining o`tgan haftasi o`zbek boks olami uchun katta bir voqelik bo`ldi. Sababi, Poytaxtimizda kattalar o`rtasida boks bo`yicha O`zbekiston chempionati start oldi. Qolaversa, yana bir qator professional bokschilarimiz o`zlarining navbatdagi reyting janglarini o`tkazishdi. Quyida biz ana shu bokschilarimiz tomonidan qayd etilgan natijalar bilan sizni tanishtiramiz.
Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov 11 dekabr kuni Dubay shahrida ringga ko`tarildi. Uzoq tanaffusdan so`ng yana profissional ringga ko`tarilgan Bahodirga ushbu jangda kolumbiyalik Xulio Sezar Kalimeno (4-1-0) raqiblik qildi. 6 raundga mo`ljallangan jang birinchi raunddayoq yakuniga etdi. Bokschimiz 46-soniyadayoq raqibiga kuchli zarba berdi va uni ringga qulatdi. Ushbu zarbadan so`ng raqib o`rnidan tura olmadi.
Eslatib o`tamiz, Bahodir shu kungacha professional boksda 8 marta jang o`tkazib, ularning barchasida raqibini nokautga uchratgan. Ushbu g`alaba esa Bahodir uchun to`qqizinchi nokautli g`alaba bo`ldi. Jangdan so`ng u bildirgan fikrlarida divizonning chempionlari bilan to`qnash kelishga tayyor ekanligini aytdi:
“Alhamdulillah, g`alaba qozondim. Bundan keyingi janglarda ham o`zbekistonliklarni xursand qilishga harakat qilamiz. Biz har doim, kim bilan bo`lsa ham jang qilishga tayyormiz. Men yana bir-ikkita jangdan keyin kim chempion bo`lsa hammasiga qarshi ringga chiqishga tayyorman. Usik, Fyuri, Joshua. Kim bo`lishining farqi yo`q. Menga chempion bilan to`qnash kelish muhim. Maqsadim – og`ir vazndagi 4 ta kamarni O`zbekistonga olib borish”, - dedi Jalolov tezkor nokautdan so`ng.
Aynan shu kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida ham professional boks oqshomi bo`lib o`tdi. Kechaning markaziy jangida bokschimiz Shohjahon Ergashev tailandlik Aekkavi Kaevmaniga (23-13-0, 11 KO) qarshi ringga ko`tariladi. Birinchi raund so`nggida Shohjahon kuchli zarbasi bilan raqibini erga qulatdi va shu tariqa muddatidan oldin g`alabaga erishdi. Bu Shohjahon hisobidagi 21-g`alaba bo`ldi. Shohjahon tailandlik raqibini nokautga uchratganidan so`ng ko`pchilik boks muxlislarining savollariga javob qaytardi:
“Bundan keyingi janglarda ham bayrog`imizni baland ko`tarishga harakat qilaman. Ko`pchilik menga savol beradi. Hammaga birma-bir aytib chiqishning iloji yo`q. Hozir fursatdan foydalanib barchaga aytaman: hali menda hammasi oldinda. Promouterim bilan sud jarayonlari davom etmoqda. O`sha siz xohlaydigan jahon chempionligi uchun jang qilishni men ham istayman. Bir yarim yil dunyoning kuchli o`ntaligida bo`ldim. Ular menga chempionlik jangi tashkil qilishlari kerak edi. Sizlarning xohishingizga ergashib, men promouterimni sudga berdim. Bu haqida internetdan ma`lumot olishingiz mumkin. Meni hali boksda qiladigan ishlarim ko`p”, - dedi Ergashev.
Ma`lumot uchun, Ergashev avvalroq 20-jangi va 20-g`alabasini ham O`zbekistonda tanatana qilgan edi. Ushbu jangdan (21-jangi) so`ng, oradan ikki kun o`tib u yana muxlislarga murojaat bilan chiqdi. Mazkur murojaatda u o`ziga tegishli bo`lgan "Shohjahon Promotion" o`z faoliyatini yakunlagani haqida xabar berdi.
"Hurmatli boks muxlislari, ayrim holatlar sababli "Shohjahon Promotion" o`z ish faoliyatini to`xtatishini afsus bilan ma`lum qilamiz. Vaqt o`tishi bilan biz siz uchun butun vaziyatni oydinlashtirishga harakat qilamiz. Qo`llab-quvvatlagan barchaga, shuningdek, ushbu kompaniya xodimlariga bizning faoliyatimizga qo`shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Oldinda rejalashtirilgan yangi g`oyalar ko`p, ammo hozircha boksdan tanaffus qilyapmiz. Biz tez orada va yangi kuch bilan qaytamiz", - deb fikr qoldirgan Shohjahon.
Shuningdek, 11 dekabr kuni Qozog`istonning Almati shahrida ham professional boks oqshomi o`tkazilda. Shou doirasida hamyurtimiz Xurshid Tojiboev rossiyalik Pavel Malikovga qarshi jang o`tkazdi. 10 raundga mo`ljallangan jang to`rtinchi raundda yakunlandi. O`tkazib yuborilgan zarbalar natijasida ko`zidan jarohat olgan Pavel Malikov jangni davom ettira olmadi va hamyurtimiz muddatidan oldin g`alabaga erishdi. Bu Tojiboev uchun prof ringdagi oltinchi jang edi. U professional boksdagi barcha janglarini g`alaba bilan yakunlagan.
Hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov esa Kanada vakili Kodi Krouliga qarshi ringga ko`tarildi. 10 raundga mo`ljallangan bahs to`liq davom etdi. Jangning ikkinchi raundida bokschimiz raqibini nokdaun qilishga erishganiga qaramasdan, qolgan raundlarda kanadalik bokschi ancha yaxshi harakat qildi va ochkolar evaziga g`alaba qozondi. Shu tariqa, Qudratillo Abduqahhorov faoliyatidagi ilk mag`lubiyatni qabul qildi. Kodi Krouli esa faoliyatini mag`lubiyasiz davom ettirishga erishdi.
Boks bo`yicha kattalar o`rtasidagi O`zbekiston chempionatida Sanjar Tursunov ham ishtirok etayotgan edi. Professional bokschimiz chorak final jangida ringa ko`tarildi. -92 kg vazn toifasida Jamshidjon Abdullaev va Sanjar Tursunov o`rtasidagi chorak final jangi Tursunov uchun omadsiz yakunlandi. 3:2 hisobidagi natija bilan Jamshidjon Abdullaev Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi ustidan g`alaba qozondi va yarim final yo`llanmasiga ega bo`ldi.
Yana bir voqelik esa 17 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Renaissance hall” majmuasida bo`lib o`tadi. Oqshomning markaziy jangida professional bokschimiz Isroil Madrimov Mishel Soraga qarshi ringga ko`tariladi. Aytish kerak mazkur jangda o`zaro to`qnash keladigan har ikki bokschi o`z vazn toifasida WBA reytingida mos ravishda 1 va 2-o`rinni egallab turishibdi. G`olib esa mazkur yo`nalish chempionligi uchun ringga ko`tarilish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shuningdek, ushbu kechada yana Shahram G`iyosov, Hasanboy Do`smatov, Dilshod Ro`zmetov, Bektemir Meliqo`ziev, Iqboljon Xoldorov, Elnur Abduraimov kabi bokschilarimiz ham navbatdagi janglarini o`tkazishadi. Ayrim faktlarga e`tibor qaratadigan bo`lsak, Shahramning raqibi 39 yoshda. Bektemir Toshkentda ilk bor jang qiladi. Hasanboyning raqibi ikkinchi bor Meksikadan tashqarida urishmoqda. Iqboljon Xoldorov Shohjahon Ergashevning sobiq raqibiga qarshi ringga chiqadi. Dilshod Ro`zmetov esa professional boksda debyut qiladi. Ma`lumot uchun, mazkur kecha “Matchroom” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda. Oqshom natijalari bilan siz “Darakchi” ning keyingi sonida tanishishingiz mumkin bo`ladi.
Uchqun Namozov tayyorladi