Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig`ilishida taklif bildirildi.
Ma`lum qilinishicha, partiyaning 2019 yildagi saylovoldi dasturida bola parvarishi bilan band bo`lgan ayollarning farzandiga qaragan davrini mehnat staji sifatida e`tirof etishni qonunchilikda mustahkamlab qo`yish masalasi ilgari surilgan edi. Ushbu taklifni amalga oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi qonunga boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi to`lovlarini marhumning qaramog`idagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, agar umumiy o`rta ta`lim muassasasi, akademik lisey va oliy ta`lim muassasasida o`qiyotgan bo`lsa 23 yoshga to`lgunga qadar boquvchisini yo`qotganlik pensiyasini to`lash, nogironligi bolalikdan bo`lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo`shib hisoblash, bolani parvarishlash bo`lish vaqtining hammasini jamlanganda ko`pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo`shib hisoblash kabi o`zgartirish va qo`shimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda.






