Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi videoselektor yig`ilishida ma`lum qilinishicha, 158 ta qishloq tumanida bir oyda o`rtacha bir kishiga 270 ming so`mlik xizmat ko`rsatilsa, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida bu ko`rsatkich 180 ming so`mni tashkil etadi. Shu bois tumanda bu ko`rsatkichni kelgusi yilning o`zida 300 ming so`mga etkazish bo`yicha topshiriqlar berildi, deya ma`lum qildi “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Xususan, tumanda:
- paxta va g`alladan bo`shaydigan 940 gektar, jumladan kelgusi yilda 400 gektar er maydoni 1 ming aholiga ijaraga beriladi;
- ushbu erlarda urug` va ko`chat, o`g`it etkazib berish, agrohimoya, suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko`rsatish va mini texnika bilan ta`minlash bo`yicha alohida Agroxizmatlar markazi tashkil etiladi;
- tuman markazida quvvati 200 tonnalik sovutgichga ega yangi “Eko-bozor” quriladi va 1 mingta ish o`rni yaratiladi;
- tumanning 2 ta markaziy ko`chasiga yoritgich chiroqlarini o`rnatib, 100 dan ziyod savdo, ovqatlanish va boshqa xizmatlar ko`rsatish shoxobchalarini tashkil etish reja qilingan.
Bundan tashqari, tuman aholisida 100 ming boshdan ortiq qoramol, 200 mingdan ziyod qo`y-echki va 450 mingga yaqin parranda mavjud. Shu bois, tumanda kamida 5 ta xususiy veterinariya xizmati korxonasi tashkil etib, 50 dan ziyod ish o`rni yaratiladi. Buning uchun tuman byudjeti hisobidan 50 nafar yoshlar zootexnik-veterinariya yo`nalishidagi o`quv kurslarida o`qitiladi.
Shu bilan birga, Qamashida yangi ish boshlagan 60 nafar hokim yordamchilari tomonidan aholi uchun kundalik zarur bo`lgan 21 turdagi xizmatlar bo`yicha 600 dan ziyod loyihalar shakllantirilgan.
Umuman, Qamashi tumani misolida 158 ta tuman hokimlari 15 kun muddatda o`z tumanida xizmatlarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqib, ushbu tumanlarda xizmatlarni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 1 trillion so`m ajratiladi.






