Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil 9 oyidagi ijrosi” qizg`in muhokama qilindi.
Yalpi majlisda Moliya vaziri Timur Ishmetov byudjet ijrosi yuzasidan batafsil axborot berdi. O`z navbatida, markaziy va hududiy studiyalardan ishtirok etayotgan senatorlar mavzu doirasida aholini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qildi. Shuningdek, davlat byudjetining 9 oylik ijrosi yuzasidan ko`plab ijobiy ishlar amalga oshirilgani ta`kidlab o`tildi.
Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalliy byudjetlarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish va barqarorligini ta`minlash, hududlardagi og`riqli masalalarni tezkor hal qilish maqsadida mahalliy byudjetni orttirib bajarilgan qismi o`z ixtiyorida qoldirilishi ijobiy natijasini bermoqda.
Jumladan, joriy yilda 6 trln so`mdan ziyod mablag` hududlar ixtiyorida qoldirilganligi joylardagi dolzarb masalalarning samarali echim topishiga xizmat qilmoqda.
Respublikamiz byudjet mablag`larining qariyb yarmi (64 trln – 49 foiz) ijtimoiy xarajatlarga yo`naltirilgani ijtimoiy barqarorlikni ta`minlashga bo`lgan e`tiborning nechog`lik yuqori ekanligini namoyon etadi.
Yalpi majlis muhokamalari jarayonida ijobiy natijalar bilan birga muammolar ham mavjud ekanligi aytib o`tildi.
Jumladan, tegishli soha va tarmoqlarda etarlicha muammolar bo`lishiga qaramasdan 30 foiz mablag` o`zlashtirilmaganligi aytib o`tildi.
Senat raisi T. Narbaeva loyihalarning noto`g`ri rejalashtirilgani, ijro intizomi buzilganligi holatlarida alohida to`xtaldi.
To`qqiz oy davomida qariyb 729 mlrd so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangani soha va tarmoqlarda moliyaviy-iqtisodiy bilim, malaka va mas`uliyatini tezkorlik bilan ko`rib chiqish zarur ekanligini ko`rsatmoqda. Byudjet mablag`laridan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash hamda tizimni raqamlashtirish yo`nalishida ishlarni yanada jadallashtirish zarur. Byudjet jarayonini takomillashtirish va byudjetning tartib-qoidalarini optimallashtirish, byudjet hisoboti va uning shaffofligini ta`minlash, tizimning barcha darajalarida byudjet klassifikatorlariga muvofiq hisobotlar viloyat va tumanlar kesimida muntazam ravishda e`lon qilinishi xalq ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi, - deya fikr bildirdi.






