Yigirma ikkinchi yalpi majlisda Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.
- Majlisda Toshkent shahrini rivojlantirish bo`yicha ko`plab ishlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, ayrim muammolar hamda yo`l qo`yilgan quyidagi kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi:
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalari olib qo`yilishi munosabati bilan etkazilgan zararlarni qoplash bo`yicha 2020 yil va 2021 yilning o`tgan davri davomida 30 nafar mulkdorga kompensasiya mablag`i to`lab berilmagan;
- “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 tasi) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi ta`minlanmayapti, yo`lovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yo`nalishlarda 25-40 daqiqani tashkil qilmoqda.
- Toshkent shahrida oqova suvlarni qabul qilish bo`yicha mavjud Salar, Bo`zsuv va Bektemir inshootlarida suv tozalash samaradorligi loyiha bo`yicha 75 foizni tashkil etadi, biroq bugungi kunda ushbu inshootlar 35,5 – 51,3 % quvvat bilan ishlamoqda.
- Shaharda qurilish ob`ektlarining keskin ko`payishi natijasida hosil bo`layotgan changlarni suv sepib bostirish choralari etarlicha ko`rilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning me`yordan ortiq chiqarilishiga olib kelmoqda.
- Joriy o`quv yilida Toshkent shahridagi 25 ta umumta`lim maktabi 2,1 koeffisientdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026 yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga etishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.
- Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko`ra jinoyatchilik va huquqbuzarliklar darajasi 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan.
So`nggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, firibgarlik jinoyatining yangi turlari ham kelib chiqmoqda. Masalan, joriy yilning o`tgan davrida Toshkent shahrida axborot texnologiyalari sohasida jami 580 ta jinoyat sodir etilgan bo`lib, ushbu ko`rsatkich o`tgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobarga oshgan.
Psixotrop hamda kuchli ta`sir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi kriminogen vaziyatga jiddiy tahdid solmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada o`tkazilgan tadbirlar davomida jami 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishi holatlari aniqlanganligi buning yaqqol tasdig`idir.
Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammoli masalalarni hal etish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ko`rish zarurligi ta`kidlanib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.
Muhokama yakunida Toshkent shahrida o`z echimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo`yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.






