Bugun mamlakatimizning ayrim hududlarida chang bo`roni ko`tarilishi kuzatilmoqda. Havo tarkibidagi chang zarralari uylar, ishxonalar, avtomobillarning eshik – derazalaridan sizib kirib, yopiq xonalar havosini ham chang zarrachalari bilan ifloslantirishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati bunday paytlarda quyidagilarga amal qilishga chaqirmoqda:
- Ko`chaga iloji boricha kamroq chiqish;
- Ishga, o`qishga, xarid uchun ko`chaga chiqqanda tibbiy niqob taqish va har 2 soatda almashtirish;
- Ko`chadan uyga qaytgach dush qabul qilish (soch va yuz-ko`zlarni yaxshilab yuvish);
- kalit, ko`zoynak, telefon va sumkani namlangan salfetka bilan yaxshilab artish;
- ko`chaga kiyib chiqqan kiyimlarni yuvish; ustki kiyimlarni (kostyum, plash, palto va boshqalar) maska taqqan holda tashqarida yaxshilab qoqish.
- nim ta`sir etuvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni tez-tez chayish;
- ko`proq suyuqlik (iliq) ichish, iloji bo`lsa ko`k choy, na`matak damlamasini ichish;
- yog`li, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan, sho`r, achchiq taomlarni cheklash; suyuq sabzavotli taomlar, sut va sut mahsulotalari (qatiq, kefir va boshqalar), ko`katlarni iste`mol qilish.
Changni ko`p to`planishini oldini olish va uyni hamda yuzalarni to`g`ri tozalash kerak:
- Uy, ishxona va mashina eshiklari va derazalarini zich yopish;
- chang yig`ilishi mumkin bo`lgan hamma narsalarni chang yutgich yordamida tozalash kerak (kovrolin, gilam, yumshoq mebel, yumshoq o`yinchoqlar va boshqalar); yumshoq mebelni qoqishdan avval usti namlangan latta bilan o`ralishi tavsiya etiladi.
- chang yig`ilishi mumkin bo`lgan barcha yuzalarni (pol, shkaf, ishchi yuzalar va boshqalar) kun davomida bir necha marta namlangan latta bilan yaxshilab artish kerak;
- oyoq kiyimlarini eshik oldida qoldirish va imkon qadar tezroq yuvib qo`yish kerak;
- xona havosi optimal namligini ta`minlash: ho`l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig`imli idishlarga suv solib qo`yish;
Nafas yo`li surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimizga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilamiz.






