“Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (765-son, 21.12.2021 y.) qabul qilindi
Prezidentning 2021 yil 13 iyuldagi PF–6260-son Farmoniga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi tomonidan TIF Milliy bankka 100 mln dollar pul ajratilgan.
Qarorga asosan, mazkur mablag`lardan 2022-2024 yillarda yosh tadbirkorlarning yangi biznes loyihalari uchun kreditlar quyidagi shartlarda ajratiladi:
- kredit miqdori BHMning 1000 baravaridan 2 ming baravarigacha;
- muddati – 7 yil, imtiyozli davr – 3 yil;
- foiz stavkasi – Markaziy bankning asosiy stavkasida (hozirda 14 %).
Kreditlar ajratish uchun Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi va banklar tomonidan tadbirkorlik bilan shug`ullanish istagidagi yoshlar ro`yxati shakllantiriladi.
Yoshlar o`rtasida biznes ko`nikmalarini shakllantirish va tadbirkorlikka o`qitish bo`yicha o`quv amaliy kurslari, shu jumladan “onlayn” tarzda bepul tashkil etiladi.
Mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga sertifikat taqdim etilib, ular tomonidan o`z biznesini tashkil etish uchun yuqoridagi shartlarda kreditlar ajratiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun yoshlar TIF milliy bank filliallariga ariza beradi va unga muvofiq kredit ajratiladi yoki asoslantirilgan holda rad etiladi.






