1

Toshkent, Sirdaryo, Namangan va Samarqandda er maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo`yildi

Jinoyat 22.12.2021, 14:46
Toshkent, Sirdaryo, Namangan va Samarqandda  er maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo`yildi

Toshkent viloyati investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro`yxatdan o`tgan mas`uliyati cheklangan jamiyatning norasmiy egasi o`zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan mazkur MChJga tegishli qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirishga mo`ljallangan 13,7 gektar unumdor er maydonini xaridorga 3 mln. 425 ming AQSh dollariga sotishga kelishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida, ular so`ralgan puldan 500 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda er sotish bilan bog`liq bir nechta noqonuniy holatlarga chek qo`ydi.

Xususan, Mirzaobod tumanida yashovchi, muqaddam ikki marotaba firibgarlik bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroga hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali 20 gektar er maydoni olib berish evaziga, undan 70 ming AQSh dollari so`rab, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Guliston shahrida yashovchi, 1990 y.t., maklerlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi shaxs 1998 y.t. fuqaro bilan o`zaro kelishib, uning nomiga bog`dorchilik, chorvachilik va baliqchilik tashkil etish uchun ajratilgan 20 gektar er maydonini 19 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtiradi. Ular so`ralgan puldan 15 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlandi.

Xuddi shu kabi Boyovut tumanida ham 1979 y.t. mahalliy fuqaro o`zganing nomidagi fermer xo`jaligining 10 gektar er maydonini xaridorga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi, 1980 y.t. fuqaro muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun hozirda ozodlikni cheklash jazosini o`tayotganligiga qaramasdan, yana qing`ir yo`lga kiradi.

Mazkur shaxs qurilish firmasi vakilining ishonchiga kirib, unga ko`p qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali Mingbuloq tumani markazidan 5 sotix er maydoni olib berish evaziga 24 ming AQSh dollari talab qiladi.

U oldindan 12 ming dollar hamda 32 mln 250 ming so`m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Yana bir holatdaSamarqandviloyatidagi tumanlardan birining uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bo`limi boshlig`i xizmat mavqeidan foydalanib, 1975 y.t. fuqaro bilan kelishgan holda o`zganing ishonchiga kirib, unga tuman tibbiyot birlashmasining foydalanilmayotgan omborxona binosini olib berishni va`da qilishadi va evaziga 10 ming AQSh dollari so`rashadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, ular oldindan 5 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1