AsosiyJamiyat

Farg`ona hududida nega zilzila ko`p qayd etilayotganiga izoh berildi

'Farg`ona hududida nega zilzila ko`p qayd etilayotganiga izoh berildi'ning rasmi

So`nggi vaqtlarda Farg`ona viloyati hududida bir emas, bir necha marotaba er silkinishi kuzatildi.

FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi mazkur holat yuzasidan Darakchi.uz'ga izoh berdi.

Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi hududining 70% qismi seysmik faol hudud hisoblanadi.

"Jumladan Farg`ona vodiysi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatlari Respublikaning boshqa hududlariga nisbatan anchayin seysmik faol hududlardir",-deyiladi markaz xabarida. 

Ta`kidlanishicha, yil davomida Respublika hududi bo`yicha o`rtacha hisobda 1200dan oshiq kuchsiz va sezilarli zilzilalar qayd etiladi. Ma`lum qilinishicha, ushbu zilzilalarning aksar qismi kuchsiz zilzilalar bo`lib, faqatgina maxsus asbob-uskunalar yordamida aniqlanadi. 

"Birgina Farg`ona vodiysi hududida hafta davomida o`rtacha 20-25ta kuchsiz va sezilarli zilzilalar qayd etiladi. Bu tabiiy jarayon hisoblanadi. Bundan tashqari Respublika bilan chegaradosh Qirg`iziston, Tojikiston va Afg`oniston hududlari anchayin seysmik faol hududlar toifasiga kirganligi sababli, mazkur davlatlarda sodir bo`lgan sezilarli zilzilalar bizning qo`shni hududlarimizda ham seziladi. Umuman olganda Markaziy Osiyo mintaqasining ko`p qismi seysmik faol hudud hisoblanadi",-deydi FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi.

Alohida qayd etiladiki, shu kunlarda Farg`ona viloyati Rishton tumanida ketma-ket sodir bo`layotgan zilzilalar kuchsiz zilzilalar hisoblanib, deyarli insonlar tomonidan sezilmaydi.

Ma`lumot uchun, bugun o`zbek-qirg`iz chegarasida ham zilzila sodir bo`ldi. Zilzila koordinatalari: 40,3 gradus shimoliy kenglik; 71,1 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=3. Chuqurlik 15 km. Zilzila episentri Toshkentdan 191 km janubiy-sharqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar