O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupovaning uzoq yillik ijodiy faoliyati davomidagi aksariyat rollari ona obrazi. Uning kinoda, teatr sahnasida, “Otalar so`zi, aqlning ko`zi” ko`rsatuvlarida yaratgan barcha onalari muxlislar qalbidan alohida o`rin olgan. Sahnada aktrisaga ilk muvaffaqiyat keltirgan rol ham aynan ona timsoli edi. Milliy teatrning Yangi mavsum ochilishi marosimida To`tixon ayani sahnadoshlari yonida ko`rgan teatr muxlislarining qalblari quvonchga to`ldi.
“Ismimning tarixi bor”
— Onam tomondan buvam “Shu qiz to`tiqushdek sayrab yursin”, deb menga shu ismni qo`ygan ekanlar. O`qishga havasmand qiz edim. Zehnim shu darajada ekanki, maktabda tushgacha uchinchi, tushdan keyin to`rtinchi sinfda o`qib, birato`la ikkala sinfni tugatganman. Oilada to`rt farzand edik. Maktabni bitirganimdan keyin otamning vasiyatiga ko`ra onam meni Samraqanddagi Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga o`qishga olib bordi. U erda o`qib yurgan kezlarim Samarqand musiqali drama teatrida “Boy ila xizmatchi” spektaklini ko`rib, san`atga mehrim tushib qoldi. 3-kursga o`tdim-u, ammo qulog`imga dars kirmasdi. Fikri-zikrim teatrda. Darslar tugagach, teatrga chopardim. Bir kuni ana shunday termulib o`tirishlarimga ko`zi tushgan teatrning rejissyori Asror Jo`raev “Anavi qiz eshik tagida nima qilib o`tiribdi, chaqiringlar-chi?” deb qolgan. Olib kirishdi, qiziqishlarimni bilishgach, o`sha zahotiyoq 50 so`m maosh bilan ommaviy sahnalarda o`ynaydigan aktyor shtatiga ishga olishgan.
“Voy artistlikkayam o`qirkanmi?”
— Konsertlarda yalla aytib, rol berishsa qo`ldan kelgancha ijro etib yuraverganman. Birinchi rolim “Shohi so`zana”dagi Hafiza bo`lgan. Ustozim Toshxo`ja Xo`jaev meni teatrda ko`rib, “Qizim, Toshkentda san`at maktabi bor. Agar kirib o`qisangiz, yaxshi aktrisa bo`lishingiz mumkin” degan gaplarini eshitib xayron bo`lganman. Soddalik qilib “Voy, artistlikkayam o`qirkanmi?” debman. U kishi kulib o`qishga borishning yo`l-yo`riqlarini tushuntirganlar. Toshxo`ja Xo`jaevning shu gaplari bilan bilim yurtini tashlab, Toshkentga yo`l olganman. Oilamizda san`atkorlar yo`q edi. Oila a`zolarim meni bu ahdimdan qaytarishga ko`p urinishgan. Onam rahmatli “Mening artist qizim yo`q” deganlar. Qarindoshlardan bittasi “Toshkentga kelib, To`tini so`yib ketmasam, otimni boshqa qo`yaman”, deb qasd ham qilgan. Men esa o`z so`zimda qat`iy turib olganman. Etyudning o`rniga she`r o`qib berib, tarixdan keyinchalik kursdoshim bo`lgan Turg`un Azizov, rus tilidagi diktantni (bo`lg`usi turmush o`rtog`im) Mirg`iyos akadan ko`chirib institutga kirganman. Hayot yo`lim, kasbimni to`g`ri tanlaganimni isbot qilganimdan keyin yaqinlarim qarshilik qilganlaridan afsuslanishgan. Oliy ma`lumotli bo`lganim, turmush qurganimni ko`rganlaridan so`ng “yarash-yarash” qilganmiz.
“Dasturxondagi tarvuzlar muzlab qolgan...”
— Katta sahnaga birinchi marta 1953 yilda Oybekning “Qutlug` qon” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldagi ommaviy sahnada chiqqanman. U paytlarda aktyor avval ommaviy sahnalarda obdon pishitilib, keyin katta rol berilardi. Hozirgi yoshlar ommaviy sahnalarni yoqtirishmaydi. Darrov bosh qahramon roli berilsa-yu, o`ynay qolishsa. Ilk bora sahnaga chiqqanimda Shukur Burxonov, Yayra Abdullaeva, Sa`dixon Tabibullaev kabi ulug` aktyor va aktrisalarimizning salobatini his qilganman. Turmush o`rtog`im Mirg`iyos aka bilan birga o`qiganmiz. Uchinchi kursdaligimizda turmush qurishga qaror qilganmiz. Ustozim Toshxo`ja Xo`jaev va kursdoshlarim birgalashib, to`yimizga bir-biriga intilayotgan kiyiklar tasviri tushirilgan soat sovg`a qilishgandi. Hech esimdan chiqmaydi. To`yimiz kuni qalin qor yoqqandi, dasturxonga qo`yilgan tarvuzlar muzlab qolgan.
“Meni mashhur qilgan rol”
Mashhur emas, elga tanitgan desak to`g`riroq bo`ladi. 1965 yilda teatrimizda Roblesning “O`limdan kuchli” asari sahnalashtirildi. O`shanda men o`ttiz yoshda edim, yosh ona rolini berishgan. Asar ispanlar hayotidan olingandi. Qahramonimni o`ldirmoqchi bo`lganlaridan nola qiladigan sahnam bor edi. Unda chuqur iztirob bilan “Meni o`ldirmanglar! Uyda, biri ikki yosh, biri o`n oylik bolalarim bor. Ular hozir o`z jajji qo`lchalarini cho`zib meni izlayotgan bo`lsalar kerak.
Qarang, ko`kraklarim sutga to`lib ketdi...” deydigan so`zlari bor edi. Ana shu so`zlarni aytib faryod chekkanimda zalda tomoshabinlarning “piq-piq” yig`lagan ovozlari eshitilardi. Hatto bir safar tomoshabin ayolni dard tutib qolib, tomosha zalidan tug`ruqxonaga olib ketishgandi. Shu rolimdan keyin “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist” unvonini olganman.
“Sotti obrazi uchun “kurashganman”...
Meni elga tanitgan ikkinchi rolim shu bo`ladi. “Kelinlar qo`g`oloni” spektaklini 18 yil anshlag bilan o`ynaganmiz. O`zi jiddiy odamman, birovni kuldirishga harakat tabiatimda yo`q. Sotti obrazi Erkli Malikboeva bilan menga topshirildi. O`shanda rol faqat o`zimniki bo`lishini hohlab, jahl bilan qasdma-qasdlikka tinimsiz ishlay boshlaganman. Sahnada Zaynab opadan ruhlanib, ular nima qilsalar, munosib javob berishga intilganman. Katta kavush topib kiyib, ro`molga qisqichlar sotib olib qadaganman. Bolalarning o`yinchog`idan osilib turadigan ziraklar yasab olganman. Xullas, Sotti kiyishi kerak bo`lgan narsalarni o`zim yaratganman. Ko`ylaklarni ham o`zim tikkanman. Chevarlik qo`limdan kelardi, odamlar menga ko`ylak tiktirish uchun 15 kunlab navbatda turishardi. Shu hunarim ham qo`l kelgan. Ko`cha-ko`yda qizlarning kavsh qaytarib saqich chaynashlariga g`ashim kelardi. Ibrat bo`lsin deb, sahnada shuniyam qo`llaganman. Saqich bilan gapirganingizda, og`zingizdan chiqib ketishi mumkin. Shunda uni qaerga qo`yish kerak, deb o`ylab qoldim. Keyin birdan xayolimga keldi-yu, og`izdan olib peshonamga yopishtirib qo`ya qoldim. Shu qiliq hammaga yoqqandi... Mikrofonga kulish ham ko`chadagi ba`zi qiz-juvonlarimizning ovozlarining boricha kulishlariga o`xshatib ishlangan. “Kelinlar qo`zg`oloni” filmidagi Tursunxonim Ja`farova ijrosidagi Farmonbibiga Zaynab opani ko`z oldimga keltirib ovoz berganman.
“U yoqdan bu yoqqa yurib bering...”
Kinoda ish hamisha fototanlov, kinosinovdan boshlanardi. Lekin mening “Abdullajon” ga kelishim boshqacha bo`lgan. Surat ham olishmagan, sinov ham o`tkazilmagan, studiyaga taklif etib, “U yoqdan bu yoqqa yurib bersangiz, bo`ldi” deyishgandi. Aytganlarini bajarganman. Ma`qul topishgan shekilli-da, rolga tasdiqlashgan. Filmni suratga olish kunlarining hammasi zavqli o`tgani esimda. Odatda rejissyor bilan aktyorlarning fikrlari bir joydan chiqqanda shunday bo`ladi. Rejissyorning gaplarini aytganidan ham ziyoda qilib bajarib berardik. Menga “Mana bu joyini bunday qilasiz...” desa darrov ilib olib, o`ylaganidan ham tuzukroq o`ynab berishga harakat qilardim. Obrazimda o`zbek onalariga xos milliylik, onalik mehrini ko`rsatib berishga intilganman.
“Teatrda fidoyilar ishlaydi”
Milliy teatrimiz sahnasida qancha yildan beri ijod qilayotgan bo`lsam, dam olish nimaligini bilmay qishning qahratoni, yozning jaziramasiga chidab butun mamlakatimizni aylanib chiqdik. Bugungi kunda san`atkor bo`lish orzusidagi yoshlarimiz ko`payib borayotgani yaxshi. Ularda san`atga qiziqish, muhabbat borligi xursand qilsa, fidoyilik etishmayotgani tashvishga soladi. San`atkorlik esa fidoyilikni talab qiladigan kasblardan. Afsuski, aksariyat yoshlarda sabr-toqat yo`q. Ota-bobolarimiz “Sabr tagi sariq oltin”, deb bejizga aytishmagan! Shaxsan o`zim sabr qilmaganimda, tinimsiz ijod va san`atga muhabbatni hamma narsadan ustun qo`ymaganimda halqimizning bugungi hurmat-e`tiboriga sazovor bo`lmasdim, deb o`ylayman. Yoshlarimiz shoshilishadi. Hamma narsaga tez erishishni istashadi. Lekin nima bo`lganda ham o`rnimizni bosadiganlar borligiga shukr.
“Farzand, nevaralar o`z yo`liga ekan...”
— Umr oqar daryo, birpasda oqib o`tib ketarkan. Turmush o`rtog`im Mirg`iyos Soatov 88 yoshda bu yorug` olamni tark etdilar. 67 yillik turmushimiz davomida boshimizdan ko`p yaxshi-yomon kunlar o`tdi. Sabr qildik, bir-birimizni yupatib, bir-birimizga suyanib yashadik. O`g`il, qiz, kelin, nevaralar o`z yo`liga ekan. Yoningdagi hamrohing, tayanchingni yo`qotish juda og`ir bo`larkan.
Buni qabul qilishim qiyin kechdi. Atrofimdagilarga sezdirmaslikka harakat qilsam-da, ichim yig`ladi. Qon bosimim ko`tarilib ketaverib, ko`p aziyat chekdim. Vaqt hamma narsaga davo, deganlari rost ekan. Vaqt o`tib, Yaratganning o`zi ko`niktirdi. Endi qarilikni bo`ynimga oldim. Yaqinlarim, shogirdlarim, sahnadoshlarim tez-tez yo`qlab turishibdi. Hammalaridan minnatdorman.
Tuhfa NAZAROVA yozib oldi