2021-yil 30-dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O`zbekistonning xorijdagi elchilari, konsullik muassasalari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi mamlakatimizning doimiy vakillari ishtirokida O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Hay`ati majlisini o`tkazdi.
Uchrashuv davomida vazirlik va diplomatik vakolatxonalarning joriy yildagi faoliyati yakunlari ko`rib chiqildi, 2022-yilga mo`ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi va aniq topshiriqlar berildi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyatining yangi konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiya masalalariga, jumladan, diplomatik missiyalar rahbarlarining joylardagi vaziyatni o`rganish maqsadida O`zbekiston viloyatlariga amalga oshirgan safarlari, savdo-iqtisodiy sohadagi loyihalarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun vazirlik va idoralarida o`tkazgan uchrashuvlarining natijalariga alohida e`tibor qaratildi.
Tadbir doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Farmoni bilan yuksak davlat mukofotiga sazovor bo`lgan mamlakatimizning Tojikistondagi Elchisi Ergash Shaismatovga “Do`stlik” ordenini topshirish marosimi bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda TIV hay`ati a`zolari, Vazirlik bo`linmalar va tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari hamda mas`ul xodimlari ham ishtirok etdilar.