Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Tokaev kecha tunda yuz bergan tartibsizliklar tufayli Olmaota viloyatida favqulodda holat joriy qildi. Bu haqdagi farmon davlat rahbari saytida e`lon qilindi.
Farmonda vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan jamoat xavfsizligini taminlash, huquq-tartibotni tiklash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida Olmaota viloyati chegaralarida 2022-yil 5-yanvar soat 12:30, 2022-yil 19-yanvar soat 00:00 daqiqagacha favqulodda holat joriy etilishi qayd etilgan.
Viloyatda soat 23:00 dan ertalab soat ettigacha komendantlik soati joriy etiladi. Favqulodda holat jamoat tartibini mustahkamlash va ayniqsa muhim davlat va strategik ob`ektlarni muhofaza qilishni, harakatlanish erkinligini cheklashni, ommaviy tadbirlarni, qurol va o`q-dorilarni sotishni taqiqlashni, shuningdek, qurol-yarog` va o`q-dorilarni sotishning alohida rejimini o`z ichiga oladi.
Kecha davlat rahbari viloyat markazi – Olma-Ota shahri, shuningdek, Mang`istau viloyatida favqulodda holat e`lon qilgan edi.
OAVlarga ko`ra, ayni paytda Olmaota markazida namoyishchilar yana to`planmoqda.
Qozog`istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlangan edi. Dastlab Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan neft gazi narxining ikki baravar oshishiga qarshi namoyishlarga chiqishdi.
Tokaev vaziyatni o`rganish uchun komissiya tuzishni topshirdi va 4 yanvar kuni u namoyishchilarning asosiy talabini bajarishga va gaz narxini pasaytirishga tayyorligini ma`lum qildi. Biroq norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga ham tarqaldi. Olmaotada 4-yanvar kuni kechqurun namoyishchilar gaz va shovqinli granatalardan foydalangan xavfsizlik xodimlari bilan to`qnashgan.
Prezident xalqni ehtiyotkorlikka, ichkaridan va tashqaridan kelayotgan provokasiyalarga berilmaslikka chaqirdi. Shuningdek, davlat rahbari bugun ertalab hukumatni iste`foga chiqardi. U norozilikning kelib chiqishida hukumatni aybladi va olti oy muddatda suyultirilgan gaz va benzin narxini davlat tomonidan tartibga solishni joriy etish bo`yicha topshiriq bergan.






